1-iyul kuni Toshkent viloyati Piskent tumanidagi “Toshkent” davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli “Angren o‘rmon bo‘limi” 1-uchastkasida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Yong‘in soat 12:00 da boshlangan. Viloyat FVB va tuman FVB bo‘limi xodimlari maxsus o‘t o‘chirish mashinalari va o‘rmonchilar bilan birgalikda uni to‘liq bartaraf etgan.

Hududda yovvoyi qurigan o‘tlar va tabiiy holda o‘sgan jing‘il butalari yongan. Zararlangan maydon 5,89 gektarni tashkil etgan. Hozirda soha mutaxassislari tomonidan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblanmoqda.

6-iyul kuni holat yuzasidan Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatgan.