Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi masjidda erkak tanishiga pichoq bilan hujum qildi, deya xabar bermoqda “Milliy” telekanali.

Voqea 15-iyun kuni soat 12:25 da “Navbahor” mahallasida sodir bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni erkaklar masjidga ketayotganda janjallashishgan. U. (1992-yilda tug‘ilgan) namozdan oldin tahorat olayotganda, H. (1984-yil) unga yaqinlashib, suvenir pichoq bilan bosh, ko‘krak, bo‘yin va qorin qismlariga bir necha marta zarba bergan.

Hodisaga guvoh bo‘lgan tahoratxonadagilardan biri hujum qilgan shaxsni to‘xtatgan. Jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilgan, uning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 97-moddasi 1-qismi (qotillikka suiqasd) bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondor hibsga olingan.