Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rinadi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ularni qanday yoritgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — barini “Eski gazetalar sharhi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

1933-yil, 7-iyul, juma

Ushbu sanada O‘zbekistonning o‘zbek tilidagi bosh gazetasi — “Qizil O‘zbekiston” chop etilmagan.

1963-yil, 7-iyul, yakshanba

“1965-yilda kishi boshiga gaz iste’mol qilish O‘zbekistonda Ittifoqimiz bo‘yicha eng yuqori darajada bo‘ladi. O‘zbekiston kishi boshiga tabiiy gaz iste’mol qilishda Amerika Qo‘shma Shtatlariga yetib oladi va batamom gazlashtirilgan respublikaga aylanadi”. Bu “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonida e’lon qilingan “O‘zbekistonning gaz sanoati” maqolasidan bir parcha edi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan

Gazetaning shu sonida akademik Shreder nomidagi bog‘dorchilik va uzumchilik instituti faoliyatiga bag‘ishlangan bir material ham berilgan. Institut xodimlaridan biri, keksa seleksioner Amina Galimjonovaning so‘zlariga ko‘ra, institutda “yiliga ikki marta hosil beradigan olma navi yaratilgan va bu navli olma Erfurtdagi vistavkada oltin medal bilan taqdirlangan”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan

Kitob shaharchasida yashovchi fuqaro “Qizil O‘zbekiston”ga yozyapti: “Posyolka… markazidan mahallalargacha borib ko‘rsangiz, ko‘chalarda uyib tashlangan axlatdan, ko‘lob bo‘lib yotgan sassiq suvdan dilingiz ranjiydi. Mavjud yashiklarda axlat to‘lib-toshib yotibdi… Ko‘chalarga suv sepadigan mashina bir yildan beri remontda turibdi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan

Bu esa Urganch shahrida yangi qurilgan va ozoda ko‘chalardan birining 1963-yilgi manzarasi — ikki chetda trotuatrlar, ular daraxt ekilgan yashil hududlar orqali avtomobil yo‘lidan ajratilgan:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan

Qiziq xabar: Qashqadaryodagi Oromtoy qishlog‘ida ishlayotgan buldozerchi Jo‘ra Kamolov ish vaqtida ichida 30 ta 5 va 10 so‘mlik tilla pul va uch kiloga yaqin qadimiy kumush tangalar bo‘lgan ko‘zani topib olgan. Xazinamisan xazina!

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 7-iyul sonidan

1993-yil, 7-iyul, chorshanba

Barcha gazetalardagi bosh xabar — O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov raisligida Mustaqillik bayramini tantanali nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha majlis o‘tkazilgani haqida. Majlisda, shuningdek, “poytaxtda o‘rnatilajak Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek haykallari loyihalari yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirilgan”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 7-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 7-iyul sonidan

“Toshkent oqshomi” gazetasining katta materiallardan biri Oloy bozorining 1993-yildagi ahvoliga bag‘ishlangan. Unda bozor murakkab moliyaviy vaziyatda qolgani, bozorda dehqon uchun yaratilgan sharoitlar qoniqarli emasligi haqida so‘z boradi. Muxbir suhbatlashgan aksariyat sotuvchilar bozorda tayinliroq va kattaroq ombor yo‘qligidan noligan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 7-iyul sonidan“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 7-iyul sonidan

“Mana shu piyozimni men bozor chaqon bo‘lib tursa, uch-to‘rt kunda sotib bo‘laman. Demak, bu shuncha kun mobaynida piyozimni o‘g‘irlab ketishmasin deb qoplarim ustida uxlayman, degan gap”, — deydi surxondaryolik Normamat Isomiddinov. Chinozlik dehqon Abduqahhor Toshpo‘latovning fikri esa bunday: “Militsiya xodimlari kechasi molimizni qo‘riqlash vazifasini zimmalariga olmayapti. Shuning uchun ham doimo sheriklarimizdan biri shu yerda rastaning ustida tuni bilan o‘tirib chiqishga majbur”.

“Xalq so‘zi” gazetasida kichik, lekin bugungi kundan turib nazar solinsa, e’tiborga molik xabar — Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani bilan Jizzaxning Zomin tumani o‘rtasida uzoq muddatli shartnoma imzolangan. “Natijada Zomin tog‘lari bag‘rida madaniyat va salomatlik markazi qadr ko‘tara boshladi”, — deyiladi gazeta xabarida (ma’lumot uchun, 1993-yilda Mirzo Ulug‘bek tumaniga zominlik Shavkat Mirziyoyev hokimlik qilardi).

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 7-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 7-iyul sonidan

1993-yilda o‘zbekistonliklarga Meksika va Misrda dala va bog‘larida qahva, paxta, meva va hokazolar terib, haftasiga 300−800 dollardan pul ishlab olish taklif qilingan:

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 7-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 7-iyul sonidan

Dunyoda nima gap? Rossiya prezidenti Boris Yelsinga Sverdlov va Vologda viloyatlari o‘zlarini Ural Respublikasi deb qayta nomlagani yoqmagan. Darvoqe, 30 yil avvalgi Rossiya qanday davlat edi? Massachusets shtatida Amerika va Rossiya harbiy kemalari birgalikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazardi; AQSh prezidenti Bill Klinton esa “Katta yettilik” sammitiga prezident Boris Yelsinni ham taklif etib, tuzilma a’zolari soni Rossiya hisobiga sakkiztaga yetishi mumkinligini ta’kidlardi (keyinchalik shunday bo‘lgandi ham).