Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilishi kerak bo‘lgan 2 milliondan ortiq ko‘chat ekildi deb hisobotga qo‘shib yozilgani, sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 million tup ko‘chat ekilishiga yo‘l qo‘yilgan va boshqa kamchiliklar yuzasidan qilgan ma’ruza qilgandi.

Bosh prokuratura ma’ruzada keltirilgan kamchiliklar prokuratura tomonidan alohida nazoratga olinganini ma’lum qildi.

“Mazkur yalpi majlisda Bosh prokuraturaning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev ishtirok etib, ma’ruzada keltirilgan kamchiliklar Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan”, — deyiladi prokuratura xabarida.

Bosh prokuratura va vazirlik mutaxassislaridan iborat tuzilgan ishchi guruh holatga qonuniy baho berish va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli chora ko‘rish yuzasidan o‘rganish ishlarini boshladi.