3−7-iyul kunlari Toshkentda “Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Uning doirasida 6-iyul kuni suv resurslarini tejash mavzusida anjuman o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinda turganini ta’kidladi.

Vazirning taqdimotida qayd etilishicha, ayni vaqtda mamlakatdagi sug‘oriladigan maydon 4,3 mln gektar bo‘lib, shundan 1,2 mln gektarida (28 foizida) suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.

Sug‘oriladigan maydonlarning 473,5 ming gektarida tomchilatib sug‘orish, 44,7 gektarida yomg‘irlatib sug‘orish, 18 ming gektarida diskret sug‘orish, 569 ming gektarida lazerli tekislash, 133,9 ming gektarida boshqa turdagi suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilmoqda.

Suv tejovchi texnologiyalarni mahalliylashtirish darajasi 80 foiz bo‘lib, mamlakatda bu bilan shug‘ullanadigan korxonalar soni 50 tadan oshgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2020-yil 16-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda shu paytgacha 285 ming gektar, ya’ni bor-yo‘g‘i 7 foiz yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgani aytilgandi. Shuningdek, 2021-yil suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni 600 ming gektarga yetkazish reja qilib qo‘yilgandi.

Avvalroq suv xo‘jaligi vazirligi o‘z bayonotida mamlatga 2030-yilga borib 7 mlrd kub metr suv yetishmasligini qayd etgandi. Yangi obyektlar va aholi soni ko‘payib borayotgani, bu esa suv resurslarining yangi miqdori va sifatini talab qilishi ta’kidlangandi.