Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazi direktori Polgar Szolt xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonda 2030-yilgacha qishloq xo‘jaligining rivojlanish strategiyasi: imkoniyatlar va istiqbollar” sessiyasi O‘zbekiston kartoshka urug‘ini import qilishni to‘xtatishi kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yili O‘zbekiston 50 ming urug‘lik kartoshka import qilgan va bunday savdoni har yili takrorlashga ehtiyoj paydo bo‘lmoqda.

“Shuning uchun biz qisman bo‘lsada mahalliy ishlab chiqarish bilan ushbu importni kamaytirishga erishishni ko‘zda tutganmiz, aynan ushbu maqsad loyihamizni o‘ziga xosligini ta’minlaydi”, — dedi O‘zbekiston — Vengriya kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti vakili.

Polgar Szolt Vengriya va O‘zbekiston mutaxassislari import o‘rnini bosish maqsadida mahalliy kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘ymoqchiligini qayd etib o‘tdi.

“O‘ylaymanki, agar to‘g‘ri nav va sifatli urug‘ bo‘lsa, u holda atrof-muhitni asragan holda, pestitsid va kimyoviy moddalarni kamroq ishlatib, kartoshka yetishtirishimiz mumkin. Kartoshka juda intensiv o‘simlik hisoblanadi. Demak, yaxshi hosildorlikka erishish uchun boshidanoq sifatli urug‘lik va yaxshi navga ega bo‘lsagina talab oshadi”, — dedi mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida O‘zbekistonda aholi va dehqonchilik xo‘jaliklari import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekayotgani ma’lum qilingan edi. Shu sababli prezident mutasaddilarga aholi tomorqalari uchun 500 tonna elita kartoshka urug‘larini bepul tarqatishni, kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli mablag‘lar ajratish vazifasini qo‘ygandi.

2021-yilda O‘zbekiston O‘zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazi yordamida 50 dan ortiq navlarni mahalliylashtirish va kartoshkachilik genofondini yaxshilash orqali 2024-yilga kelib, urug‘lik kartoshka bo‘yicha import o‘rnini to‘liq qoplashni maqsad qilgandi.