O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi 3-iyuldan ta’mirlash ishlari uchun yopildi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga muzey ma’muriyati tasdiqladi.

Direktor o‘rinbosari Mixail Ovchinnikovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rgazma zallari va boshqa binolarni, shuningdek, muhandislik tarmoqlarini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan.

Ta’mirlash bir necha oy davom etadi. Bu vaqt ichida muzey buyumlari quyi qavatlarda joylashgan depozitariyda saqlanadi.

Madaniy meros agentligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda Abdulla Qodiriy va Sergey Yesenin uy-muzeylari, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi, Badiiy akademiya markaziy ko‘rgazmalar zali va boshqa joylarda ham ta’mirlash va restavratsiya ishlari rejalashtirilgan.

Davlat san’at muzeyi arxitektorlar S.Rozenblyum, I.Abdulov va A.Nikiforov tomonidan loyihalashtirilgan binoda 1974-yildan beri faoliyat yuritadi. 2000-yillarda uning fasadlari qayta qurilgan.