O‘zbekistonda mamlakatda yillar davomida irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida yaroqsiz holga kelib qolgan 600 ming gektardan ziyod yerlar so‘nggi 5 yil ichida foydalanishga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq-ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti” xalqaro konferensiyasi maydonida ma’lum qildi.

Ushbu yerlarda 280 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi va qo‘shimcha 3,7 mln tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan. Shuningdek, ichki bozorni g‘alla bilan kafolatli ta’minlash tizimi joriy etilib, 4,5 mln tonna g‘alla fermerlar ixtiyorida qolgan.

Shuningdek, vazir 452 ming gektar maydon lazerli texnologiyalar yordamida tekislangani, natijada yiliga 4,5 mlrd metr kub suv iqtisod qilish imkoniyati yaratilganini ta’kidlab o‘tdi.

“Suvdan oqilona foydalanish va sug‘oriladigan yerlarda tuproq eroziyasini oldini olish uchun 2030-yilgacha 2,5 mln gektarda lazerli tekislash va suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi”, — dedi Aziz Voitov.

Anjumanda ekinlarning yangi serhosil navli urug‘larining ekilishi, yerlarning lazerli tekislanishi, zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishi natijasida paxta hosildorligi 24,2 sentnerdan 34 sentnerga, boshoqli don hosildorligi 57,6 sentnerdan 69,7 sentnerga yetgani qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish, yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirish va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2016−2022-yillarda jami 400 ming gektardan ortiq paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat ekinlari joylashtirildi.

2017−2022-yillarda jami 138 ming gektar yangi mevali bog‘lar (74 ming gektar intensiv bog‘), 135 ming gektardan ziyod tokzor hamda 5 ming gektar issiqxonalar tashkil etildi. Ilk bor 23 ming gektar maydonda intensiv usulda sabzavot yetishtirildi.

Oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 124 foizga, aholi jon boshiga hajmi 1,3 barobarga oshgan. Mahsulotni qayta ishlash darajasi meva-sabzavot yo‘nalishida — 14,9 foizga (+1,5%), go‘sht yo‘nalishida — 13,6 foizga (0,7%) va sut yo‘nalishida — 23,4 foizga (+0.6%) yetkazildi.

Tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish natijasida so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmida ham o‘sishga erishildi.

Misol uchun, 2016-yilda 560 mln dollarli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, 2022-yilda uning hajmi 2 marta oshib, 1,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining eksport geografiyasi kengayib, o‘nlab yangi bozorlar (Makedoniya, Nepal, Sloveniya, Chili, Shvetsiya, Kanada, Liviya, Moldaviya, Serbiya va Singapur)ga meva-sabzavotlar eksport qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinda turganini ma’lum qilgani haqida yozgan edik. Ayni vaqtda mamlakatdagi sug‘oriladigan maydonlarning 28 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilib bo‘lingan.