Nukus shahrida 5-iyuldan Yandex Go taksi xizmati yo‘lga qo‘yildi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Dasturni yuklab olib, unga manzilni kiritish orqali shaharning istalgan nuqtasiga borish mumkin. Safar narxi 3500 so‘mdan boshlanadi. Uni naqd pulda to‘lash mumkin.

“Yandex Go`da avtomobilga buyurtma berilgandan so‘ng darhol model, avtomobil raqami va kutish vaqtini ko‘rish mumkin. Dasturda tezkor bog‘lanish mumkin bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash xizmati ham mavjud”, — dedi Yandex Go hududiy menejeri Mirzohid Solihov.

Yandex Go O‘zbekistonda 2018-yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Xizmat bungacha sakkizta shaharda: Toshkent, Farg‘ona, Marg‘ilon, Namangan, Andijon, Samarqand, Qo‘qon va Buxoroda ishlayotgandi. Yandex Go`ning o‘z haydovchilari va mashinalari yo‘q. Xizmat mahalliy tashuvchilar bilan hamkorlik qiladi.