Chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan saylovoldi yig‘ilishida poytaxtni yashillashtirish bo‘yicha yetti yillik rejani taqdim etdi, deb xabar bermoqda uni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan O‘zLiDeP matbuot xizmati.

Taqdim etilgan “Toshkent 2030” strategiyasiga ko‘ra, Yangi Toshkentning 20,4 ming gektar maydoni hisobiga shahar maydoni 43,4 ming gektardan 63,8 ming gektarga kengayadi.

“Bugungi kunda poytaxtimizda yashil maydonlar 900 gektarni tashkil qiladi. Kelgusi yetti yilda bu hududni 5 barobar ko‘paytirib, 5 ming gektarga yetkazamiz”, — dedi u.

Shu maqsadda shahar bo‘ylab har yili kamida 1 million dona manzarali, mevali ko‘chatlar va qalamchalar ekish hamda har bir mahallada 1 mingtadan daraxt ko‘chatlari ekish ishlari rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yashnobod, Yangihayot, Sergeli va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 4 ming gektar maydonda yashil va “tematik” bog‘lar barpo qilish taklif etilmoqda.

Nomzodning ta’kidlashicha, Yangi Toshkent hududida umumiy maydoni 35 gektar bo‘lgan sun’iy ko‘l tashkil qilinadi, 50 gektar maydonda yirik “Akva park” quriladi. Ko‘chat yetishtirish, parvarishlash, sug‘orish bo‘yicha “zamonaviy servis tizimi” yaratiladi.

Shahar bo‘ylab 100 kilometr velosiped yo‘laklari, 32 ta saylgoh, 30 ta yashil hudud va xiyobonlar barpo qilinadi, deya qayd etdi nomzod.

шавкат мирзиёев

Anhor kanali bo‘ylab umumiy uzunligi 60 km bo‘lgan saylgoh, jumladan, Yunusobod va Chilonzor tumanlarida veloyo‘laklar tashkil etish rejalashtirilgan.

Nomzodning qayd etishicha, maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy klaster tizimini yaratishga 250 million dollar miqdorida sarmoya kiritish hamda zararli gazlar hajmini 150 ming tonnaga yoki 50 foizga kamaytirish rejalashtirilmoqda. Poytaxt “toza havoli megpolislardan biriga aylantiriladi”.

Elektromobillar ulushini 30 foizga (ularni xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar joriy etish taklif qilinmoqda), poytaxt avtobus parkida elektrobuslar ulushini 50 foizgacha (1200 ta yangi elektrobus xarid qilish bilan) oshirish rejalashtirilgan.

Issiqlik tarmoqlarida yo‘qotishlarni yetti yil ichida 40 foizdan 25 foizga kamaytiriladi, deya ta’kidladi prezidentlikka nomzod.

Avvalroq “Gazeta.uz” Toshkentda piyodalar uchun ham, velosipedchilar uchun ham noqulaylik tug‘dirayotgan, ayoz kunlar sinovidan o‘tolmagan veloyo‘lakli beton trotuarlar qurilishi davom etayotgani haqida yozgandi.