O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Toshkentning Chilonzor tumani sanoat va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Kichik halqa yo‘li va Bunyodkor shoh ko‘chasi, Cho‘ponota va Chilonzor ko‘chalari oralig‘idagi 5,5 gektar maydondagi “Bunyodkor” stadioni avtoturargohida zamonaviy biznes markazi qurish loyihasini amalga oshirish tasdiqlandi. Qiymati kamida 200 mln dollar bo‘lgan majmua 2023−2025-yillarda qurilishi rejalashtirilgan.

biznes markazi, бuнёдкор stadioni

Markaz mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, shuningdek, ko‘p qavatli uylar va ko‘p qavatli avtoturargohni o‘z ichiga oladi.

Vazirlar Mahkamasi va poytaxt hokimligiga 2023-yil oxirigacha loyiha tashabbuskorlariga yer uchastkalarini ajratib berish topshirildi.

Qaror ilovasidagi investitsiya loyihalari manzilli ro‘yxatida qiymati yuqoridagiga to‘g‘ri keladigan — 2 trln 304 mlrd so‘m yoki qariyb 200 mln dollarga teng “Smart-siti” loyihasi ko‘rsatilgan. Shahar hokimligi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ning loyiha tafsilotlariga oydinlik kiritish bo‘yicha so‘roviga javob bermadi.

“Smart-siti” majmuasi tarkibiga savdo markazi, mehmonxona, biznes-markaz, IT-markaz, ko‘p qavatli avtoturargoh va turar-joy majmuasi kirishi kerak. Moliyalashtirish manbalari 400 mlrd so‘m tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari hamda 160 mln dollar xorijiy investitsiyalar va kreditlardan iborat. Rejaga ko‘ra, ishga tushirish sanasi 2025-yil 30-dekabr.

Loyiha tashabbuskori — 2019-yil 16-iyulda ro‘yxatdan o‘tgan World Miral kompaniyalar guruhidir. Ustav kapitali 8,15 mlrd so‘m. U bir vaqtning o‘zida bir nechta biznes yo‘nalishlari — ishlab chiqarish (maishiy kimyo, antiseptiklar, dezinfeksiyalash vositalari), konsalting, qayta ishlash, tashqi reklama, eksport va importni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, istiqbolli IT loyihalar bilan shug‘ullanadi.

Ta’sischisi — Mirabbos Farxodovich Aslanov. Kompaniya saytida uning davlat idoralarida va yirik korxonalarni boshqarish tizimida tajribasi borligi qayd etilgan. Orginfo.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, u bir qator kompaniyalar — Ali-Baraka-Fayz (sabzavot yetishtirish), Diganokim Solutions (sovun va yuvish vositalari ishlab chiqarish, tozalash va sayqallash vositalari), All4U-Tourism (turoperatorlik faoliyati) va boshqalarga egalik qiladi.