“Yashil makon” loyihasi doirasida ekilishi kerak bo‘lgan 2 milliondan ortiq ko‘chat ekildi deb hisobotga qo‘shib yozilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, “Yashil makon” loyihasi doirasida bir qator kamchiliklar aniqlangan. Monitoring davomida ekilmagan ko‘chatlarni ekildi deb hisobotga qo‘shib yozish holatlari kuzatilgan.

“Ayrim hollarda rahbarlarning mas’uliyatni lozim darajada his etmagani oqibatida qator jiddiy xato va kamchiliklar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, ekilmagan ko‘chatlarni ekildi deb hisobotga qo‘shib yozish holatlari monitoring davomida kuzatilgan. Ma’lumot uchun, Navoiy viloyatida 959 ming, Toshkent viloyatida 564 ming, Farg‘ona viloyatida 465 ming, Qashqadaryo viloyatida 227 ming tup qo‘shib yozilgani aniqlangan”, — dedi vazir.

Bundan tashqari, 1,8 million tup ko‘chatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli mas’ullar umuman belgilanmagani aniqlangan.

“Eng achinarli ahvol — Farg‘ona viloyatida. U yerda 415 ming tup [daraxt]ga umuman, hech qanday mas’ul belgilanmagan. Toshkent viloyatida 355 mingta, Surxondaryoda 331 mingta, Buxoroda 146 mingta, Qoraqalpog‘istonda 136 mingta ekilgan daraxtlar e’tiborsiz qoldirilgan”, — dedi Abduhakimov.

Vazirning ta’kidlashicha, sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 million tup ko‘chat ekilishiga yo‘l qo‘yilgan.

“Bu shuncha ko‘chat parvarishlab, daraxtga aylantirish imkoniyati bo‘lmagan joylarga ekilgan degani. Jumladan, Navoiy viloyatida 3 million tup, Toshkent viloyatida 2 millionta, Surxondaryoda 404 mingta, Xorazmda 338 mingta, Qashqadaryoda 336 ming tup daraxt umuman sug‘orish imkoniyati bo‘lmagan joylarga ekilgan”, — dedi Abduhakimov.

Aziz Abduhakimovning qayd etishicha, tuproq-iqlim sharoitida kelib chiqib daraxt va butalarning mos turlarini tanlanmasdan — janubiy hududlarda o‘suvchi butalarni shimoliy hududlarda yoki aksincha shimoliy hududlarda o‘suvchi o‘simliklarni janubiy hududlarda ekilishiga yo‘l qo‘yilgan.

“2022-yil Toshkent-Samarqand-Buxoro yo‘nalishining Sirdaryo viloyatidan o‘tuvchi M-39 avtoyo‘li bilan temiryo‘l himoya to‘sig‘i oralig‘ida 3530 tup daraxt ko‘chatlari ekilgan. Shundan 3210 ta tupi „Eldor“ qarag‘ayi, ya’ni sosna daraxti va 520 tup terak ko‘chatlari qurib qolgan. Mana bu suvsiz joylarda ekilgan daraxtlarni yo‘qotdik. Ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish va parvarishlash choralarini ko‘rish yuzasidan mas’ullarga 10 961 ta majburiy ko‘rsatmalar berilib, talablarni bajarmagan 753 nafar huquqbuzarga nisbatan 1 milliard 156 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llangan”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Vazir ushbu monitoring tadbirlarida vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dronlar) samarali foydalanilayotganini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, “Yashil makon” loyihasi 2021-yilda prezident tashabbusi bilan boshlangan. Bunda har yili 200 mln daraxt va buta ekish va shaharlardagi yashil maydonlar ko‘lamini oshirish maqsadi qo‘yilgan.