O‘zbekistonda majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichini oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish 2 yilga kechiktirildi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi ma’lum qildi.

2023-yil 3-iyul kuni prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, bu farmon bilan prezidentning 2020-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga o‘zgartirish kiritilgan.

Avvalroq 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab OTMga kirish imtihonlarida maktab bitiruvchilarining so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichini inobatga olish rejalashtirilgani va maktab baholarini hisobga olish nizomi tasdiqlangani haqida yozgandik.

Tartib haqida

Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi bitiruvchilari bahosining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblashda bitiruvchining 6−11-sinflardagi yillik baholarining umumiy yig‘indisi har bir sinfdagi o‘qigan fanlar sonining umumiy yig‘indisiga nisbati olinadi.

O‘rta maxsus ta’lim muassasalari va qabuli 9-sinf negizi asosida amalga oshiriladigan kasb-hunar maktablari (kollej, litsey) bitiruvchilari bahosining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblashda bitiruvchining 6−9-sinflardagi hamda 1−2-bosqichdagi umumta’lim fanlari bo‘yicha yillik baholarining umumiy yig‘indisi o‘qigan umumta’lim fanlari sonining umumiy yig‘indisiga nisbati olinadi.

Maksimal ball 100 foiz deb olinadi va ballar baho tizimiga quyidagicha o‘tkaziladi:

  • 86−100% uchun — 5 baho;
  • 71−85% — 4 baho;
  • 56−70% — 3 baho va 56%gacha — 2 baho.

OTMga qabul testlari tugagach, belgilangan muddatda abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballariga ularning o‘rtacha ko‘rsatkichlari qo‘shiladi, shundan keyin o‘qishga tanlov amalga oshiriladi.

Agar abituriyent imtihonda maksimal ballning 30 foizidan kam ball to‘plasa, ajratilgan kvota doirasida tanlovda ishtirok etolmaydi.

Qabul jarayonida abituriyent tomonidan taqdim etilgan shahodatnoma (attestat)dagi yoki diplom ilovasidagi baholar bilan maxsus elektron platformaga kiritilgan baholar o‘rtasida tafovut aniqlansa, u holda abituriyentning keyingi holati kirish imtihonlarida (talabalikka qabul qilingan bo‘lsa) talabalikka qabul qilingan ta’lim yo‘nalishi doirasida qayta ko‘rib chiqiladi. Agar kiritilgan o‘zgarishlar tufayli abituriyent to‘plagan ball qabul chegarasidan pastlab ketsa, mazkur abituriyent oliy ta’lim tashkilotiga qabul qilinmaydi.