2023-yilning iyun oyida 265 ta holatda iste’molchilar tomonidan 13,1 mln kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ma’lum bo‘ldi.

Buning oqibatida tizimga 6,1 mlrd so‘m zarar keltirilgan. Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

“Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi. Nazorat tadbirlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Taqqoslash uchun, O‘zbekiston bo‘ylab may oyida 135 ta holatda iste’molchilar tomonidan 20,6 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgandi.

Prezident Antikorrupsiya agentligiga Energetika vazirligi bilan 1-sentabrgacha yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqishni topshirdi. DXX, IIV va BP huzuridagi departament elektr va boshqa tarmoqlarga noqonuniy ulanishlarga qarshi kurashadi.