Shveysariya hukumati, BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va ko‘nikmalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirdi, deya xabar qildi BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatdagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Ushbu hamkorlik raqamlashtirish orqali yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va yo‘llarini ochishga qaratilgan, deyiladi hisobotda.

Loyiha uchta asosiy yo‘nalishga qaratilgan:

  • raqamli tadbirkorlik muhitini yaxshilash va yosh tadbirkorlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish;
  • yoshlarga qaratilgan raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlik siyosatini rivojlantirish uchun institutsional salohiyatni kuchaytirish va yoshlarning moliyaviy inklyuziyasini yaxshilash uchun moliyaviy yechimlarni topish;
  • raqamli tadbirkorlik loyihalari va startaplarini rivojlantirish imkoniyatlari.

Loyiha 13 ming nafar to‘g‘ridan-to‘g‘ri benefitsiarlar, jumladan, yosh ayollar va qishloq aholisiga mo‘ljallangan bo‘lib, ularga raqamli iqtisodiyotda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur ko‘nikmalar, vositalar bilan ko‘mak ko‘rsatiladi.

“O‘zbekiston yoshlarining raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lish nafaqat ularning kelajagiga sarmoya, balki inklyuziv va innovatsion iqtisodiy o‘sishning katalizatori, raqamli asrda cheksiz imkoniyatlarni ochish”, — deya ta’kidladi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.

“Shveysariya raqamli startaplarni rivojlantirish bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi, — dedi Shveysariya elchixonasining missiya rahbari o‘rinbosari, hamkorlik bo‘limi rahbari Reychel Bosh. — Raqamlashtirish nafaqat global tendensiya, balki ayollarning iqtisodiyotga jalb qilishning asosiy omilidir. Raqamli platformalar ayollar va yoshlar, ayniqsa, O‘zbekiston qishloq hududlarida imkoniyatlarni kengaytirishga yordam beradi”.

Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, IT-park, Savdo-sanoat palatasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.