29-iyun kuni soat taxminan 12:30 atrofida Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi sobiq “Narpay elita don” MCHJga qarashli biolaboratoriyadan erkak murdasi tan jarohatlari bilan topildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 28-iyun kuni soat taxminan 20:00 da “Mirzaqul” mahallasida joylashgan umumiy ovqatlanish oshxonasida fuqaro Z.N. ovqatlanayotgan vaqtida marhum Sh. K. mast holatda kelib, turli xil so‘zlar bilan uni haqoratlagan.

Oqibatda ular o‘rtasida o‘zaro tortishuv kelib chiqib, mahalladagi sobiq “Narpay Elita don” MCHJga qarashli Ishtixon biolaboratoriyasi hududidagi dala shiyponi binosining orqa tomoniga borib janjallashgan. Z.N. fuqaro Sh. K. tanasining turli sohalariga tan jarohati yetkazgani oqibatida u voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan Z.N.ga nisbatan Jmnoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.