O‘zbekistonda 2023-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari iyul oyida e’lon qilinadi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri Statistika agentligi vakillari ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanidan xabar berdi.

Rasmiylarga ko‘ra, bu yil avvalgi yildagidan farqli ravishda ko‘proq tovar va xizmatlar turlari bo‘yicha kuzatuvlar o‘tkazilgan. Ko‘rsatkichni qayta ishlash jarayoni ko‘proq vaqt olgani uchun uni yil yarmida e’lon qilish belgilangan.

O‘zbekistonda 2021-yilgacha minimal iste’mol xarajati hisob-kitobi amalga oshirilmagan. 2021-yilda Vazirlar Mahkamasining minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan. Hujjat bo‘yicha 2021-yilda butun respublika bo‘yicha 10 mingtadan ortiq uy xo‘jaligida kuzatuv o‘tkazilgan. Bu kuzatuvlar natijasida 80 dan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari, 100 dan ortiq nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar statistik ma’lumotlari yig‘ib olingan.

Shu yilning o‘zida ma’lumotlar Jahon banki ekspertlari, Statistika agentligi va o‘sha vaqtdagi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan e’lon qilingan. Unga ko‘ra, minimal iste’mol xarajatlari 2021-yil narxlarida 440 ming so‘mni tashkil etgan.

2022-yilda esa bir kishi uchun minimal iste’mol xarajatlarining yangi miqdori 13,2 foizga oshib, 498 mingni tashkil etdi.

Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi taklifiga binoan 2022-yilda 14 mingtadan ortiq uy xo‘jaligi kuzatuvlari o‘tkazilgan va oziq-ovqat mahsulotlari soni 159 tagacha, nooziq-ovqat va xizmatlar 413 tagacha ko‘paytirilgan. Buning natijasida minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish muddati 2023-yil iyul oyi etib belgilangan.

“Hozirgi kunda hisob-kitoblar amalga oshirildi. Iyul oyida e’lon qilish rejalashtirilgan. Chunki avvalgi yildagi kuzatuv bilan bu yilgi kuzatuv orasida farq bor. Statistikaning asosiy qoidalaridan biri bu ma’lumotlarning solishtirma bo‘lishi hisoblanadi. Hozirgi kunda yangi o‘rganilgan uy xo‘jaliklari ma’lumotlariga tayanib, avvalgi e’lon qilingan ko‘rsatkichlarga solishtirish imkoniyatiga ega bo‘ladigan uslub asosida shakllangan ko‘rsatkichni qayta ishlash jarayoni biroz vaqt olishi nuqtai nazaridan bu [ma’lumotni e’lon qilish] statistika dasturida iyul oyida belgilangan”, — dedi agentlik boshqarma boshlig‘i Odiljon Mamadaliyev.

Ko‘rsatkich qachon e’lon qilinishi kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi qaroriga asosan Davlat statistika qo‘mitasi minimal iste’mol xarajatlari va kambag‘allik darajasini har yilgi hisobot yilida inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20-yanvariga qadar e’lon qilib borishi belgilangan.

Lekin Vazirlar Mahkamasi 2023-yil 27-fevralda yana bir qaror qabul qilgan bo‘lib, u bilan 2023-yil uchun Statistika dasturi tasdiqlangan. Mazkur dasturda minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish muddati etib 2023-yil iyul oyi belgilangan.

Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda, keyinroq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat qoidalari amal qiladi.

Minimal iste’mol xarajatlari nima uchun ishlatiladi?

Minimal iste’mol harajatlari uy xo‘jaliklarining real iste’mol qiymatlari va tarkibini o‘rganish asosida ularning sog‘lom hayot kechirishlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlarning hisoblangan qiymati hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasi qarori bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kambag‘allik mezoni yoki chegarasi sifatida foydalaniladi. Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish jarayonida qo‘llanadigan va jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlariga tenglashtiriladi.