Qozog‘iston 2023-yil oxirigacha O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan Sirdaryo havzasidagi suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga o‘zgartirishlar kiritmoqchi. Bu Qozog‘istonning 2023−2029-yillarga mo‘ljallangan Suv resurslarini boshqarish tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasida ko‘zda tutilgan.

1998-yil mart oyida Bishkekda qabul qilingan hujjatga ko‘ra, Norin-Sirdaryo GES kaskadida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi O‘zbekiston va Qozog‘istonga uzatiladi. Buning uchun Qirg‘iziston ekvivalent miqdorda energiya resurslari (ko‘mir, gaz, mazut, elektr energiyasi), shuningdek, boshqa mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) yoki sug‘orish ehtiyojlari uchun suv omborlarida zarur yillik va ko‘p yillik suv zaxiralarini yaratish uchun kelishilgan holda pul ko‘rinishidagi kompensatsiyani oladi.

Suv omborlarining ishlash tartibi, elektr energiyasi hajmi va energiya ta’minoti suv xo‘jaligi va yonilg‘i-energetika tashkilotlari vakillarining qarorlari asosida har yili hukumatlararo bitimlar bilan tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, dekabr oyigacha Qozog‘iston O‘zbekiston hukumati bilan transchegaraviy suv havzalarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolashni rejalashtirmoqda.

Konsepsiyada 2029-yilgacha iqtisodiyot tarmoqlari va aholining suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha mavjud vaziyat saqlanib qolgan holda suv tanqisligi tufayli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlarining pasayish xavfi mavjudligi qayd etilgan.

Suvdan samarasiz foydalanish va transchegaraviy qaramlikdan tashqari, Sirdaryoning ekologik holati buzilgan. Sirdaryoning tranzit oqimi bilan O‘zbekiston hududidan ko‘p miqdorda neft mahsulotlari, fenollar va azotli birikmalar kabi ifloslantiruvchi moddalar keladi, deyiladi hujjatda.

Shu munosabat bilan Qozog‘iston Sirdaryo tubini tozalash va daryo deltasini tiklashni rejalashtirmoqda.

Bugungi kunda Qozog‘iston poytaxti Ostona bir manba hisobiga — 1969-yilda qurilgan va 500 ming kishiga mo‘ljallangan Ostona suv ombori suvi bilan ta’minlanadi. Hozirda shahar aholisi 1,3 million kishiga yetgan. Shuning uchun Ostona uchun ichimlik suvi zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.

Iqlimiy prognozlarga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida 2040-yilga borib suv resurslariga bo‘lgan bosim darajasi 2,8 barobar ortadi. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev iyun oyi boshida Sirdaryo va Amudaryodagi suv sathi 2050-yilga borib qariyb 15 foizga kamayishini aytgandi. U mintaqada ekologik halokatning oldini olish maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirgan.