O‘zgidromet xizmati agentligi 3−7-iyul kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston bo‘yicha iyul oyining birinchi kunlari o‘rtacha issiq bo‘ldi. Hududning katta qismida havo harorati kunduz kunlari +37…+39 darajaga yetdi, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +40…+43 darajagacha bo‘ldi.

Yakshanba kuni respublikaning shimoliy hududlariga Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo massasi kirib keldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati +31…+32 darajagacha pasaydi.

Dushanba kuni salqin havo respublikaning barcha hududlariga tarqala boshladi. Kunduzi havo harorati +33…+36 darajagacha, janubda 40 darajagacha pasayadi. Me’yoriy qiymatlarga yaqin bo‘lgan bunday harorat foni ish haftasining oxirigacha saqlanib turadi.

3−7-iyul kunlari ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda, shuningdek, 4-iyulda kechga tomon Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 3−4-iyul kunlari eng chekka janubda 20−22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 3−8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10−12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat asosan +34…+36 daraja bo‘ladi.