Noroziliklarga nima sabab bo‘ldi?

27-iyun kuni ertalab Parijga tutash Nanter shaharchasida politsiyachilar kelib chiqishi jazoirlik bo‘lgan 17 yoshli Nael M.ni yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun otib o‘ldirdi.

Nanter prokuraturasining ma’lum qilishicha, politsiya avtobuslar uchun ajratilgan chiziqda haddan tashqari tezlikda ketayotgan Mercedes avtomashinasini payqab qolgan. O‘smir politsiyachilarning to‘xtash to‘g‘risidagi buyrug‘iga e’tibor bermay, qizil chiroqda harakatlanishda davom etpdi, biroq tez orada tirbandlik tufayli to‘xtashga majbur bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda ikki politsiyachi haydovchi tomondan mashinaga yaqinlashayotgani, keyin ulardan biri Naelni otib tashlaganini ko‘rish mumkin. O‘q uning ko‘kragiga tekkan.
O‘smirni otgan politsiyachining so‘zlariga ko‘ra, u o‘zi va hamkasbini mashinasida urib yuborishi, shuningdek, boshqa odamlarni ham bosib ketishidan cho‘chigan. Biroq videodan ko‘rinib turibdiki, o‘q uzgan xodim xavf ostida bo‘lmagan.

Politsiyachi qasddan odam o‘ldirishda ayblanib, hibsga olingan.

Keyin nima bo‘ldi?

Naelning o‘limidan so‘ng butun Fransiyada ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib, so‘ngra tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Namoyishchilar “Nael uchun adolat” yozuvi yozilgan bannerlarni ko‘tarib, “Politsiya qotildir” deya hayqirgan.

Namoyishchilar axlat qutilari va mashinalarga o‘t qo‘yib, politsiyachilarga qarata pirotexnika vositalarini uloqtirgan. Politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqin chiqaruvchi granatalar bilan javob berdi. Tartibsizliklar fonida qator shaharlar, jumladan Parijdagi do‘konlarga vandallik harakatlari uyushtirilib, talon-toroj qilingan.

Mamlakat bo‘ylab jami 500 tagacha bino zarar ko‘rgan, 2000 ta avtomobil yonib ketgan, 3800 dan ortiq yong‘inlar qayd etilgan.

Rasmiylar butun mamlakat bo‘ylab tartibni saqlash uchun 40 mingdan ortiq politsiyachini safarbar qilgan. Namoyishlar boshlanganidan beri kamida 2000 kishi hibsga olingan. 500 dan ortiq politsiyachi va jandarm yaralangan.

Rasmiylarning munosabatlari

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron politsiyachining harakatlarini darhol qoralab, ularni “tushuntirib” va “kechirib bo‘lmaydigan” deb atadi.

30-iyun kuni ertalab Makron Yevropa Ittifoqi sammitining tugashini kutmasdan, Bryusseldan Parijga qaytdi. 1-iyul kuni Yelisey saroyi Makronning Germaniyaga uch kunlik tashrifi bekor qilinganini bildirdi.

Fransiya rahbari “TikTok” va “Snapchat” kabi ijtimoiy tarmoqlarni “eng nozik kontent”ni olib tashlashga va “ijtimoiy tarmoqlardan tartibsizliklarga chaqirish yoki zo‘ravonlikni kuchaytirish uchun” foydalanadigan foydalanuvchilarni topishga yordam berishga chaqirdi.

Bundan tashqari, u hibsga olinganlarning ko‘pchiligi voyaga yetmaganlar ekanligiga ishora qilib, ota-onalarni farzandlarini ko‘chaga chiqarmaslikka chaqirdi.

Makron yaqin kunlarda Fransiya parlamentining har ikki palatasi rahbarlari va namoyishlardan jabr ko‘rgan 220 ta shahar merlari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Muxolifat talab qilganidek, Makron favqulodda holat joriy etishdan bosh tortdi.

Hukumat, shuningdek, bir qator cheklovchi choralarni kiritdi:

Fransiya shaharlarida ko‘plab avtobus va tramvay yo‘nalishlari harakatini to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Parijda avtobuslar va tramvaylar 21:00 da harakatni to‘xtatadi va Marseldagi barcha jamoat transporti soat 19:00 da to‘xtaydi;

Ko‘plab bayram konsertlari va tadbirlari, jumladan Milen Farmer konserti va Parij moda haftaligi namoyishlari bekor qilindi.

Belgiya va Shveysariyada ham norozilik namoyishlari

So‘nggi kunlarda Naelning o‘limiga qarshi namoyishlar Fransiyaga qo‘shni davlatlar — Belgiya va Shveysariyada ham bo‘lib o‘tdi.

Shveysariyaning Lozanna shahrida namoyishchilar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. 100 ga yaqin namoyishchi politsiyaga tosh va kamida bitta molotov kokteyli uloqtirgan. Bir qancha do‘konlar buzib tashlangan.

Belgiya poytaxti Bryusselda politsiya 60 dan ortiq odamni, jumladan 48 nafar voyaga yetmaganlarni hibsga oldi. Namoyishchilar avtobus bekatlari oynalarini sindirib, mashinalarni yoqib yuborishgan.

Fransiya politsiyasining shafqatsizligi va irqchilik bo‘yicha bahslar

Naelning o‘limi va undan keyingi tartibsizliklar Fransiya politsiya tuzilmalari va amaliyotlariga yana e’tiborni qaratdi, deb yozmoqda The Guardian.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ushbu masalada bayonot berar ekan, bu vaziyat “mamlakat uchun huquqni muhofaza qilish organlaridagi irqchilik va irqiy kamsitishning chuqur muammolarini jiddiy hal qilish uchun bir lahzadir”, deya ma’lum qildi.

“Biz [Fransiya] hukumatini namoyishlarda zo‘ravonlik unsurlariga qarshi kurashda politsiya tomonidan kuch ishlatish har doim qonuniylik, zarurat, mutanosiblik, kamsitilmaslik, ehtiyotkorlik va javobgarlik tamoyillariga mos kelishini ta’minlashga chaqiramiz”, — deyiladi bayonotda.

2023-yil boshidan buyon Fransiyada uch kishi, 2022-yilda 13 kishi, 2021-yilda 3 kishi politsiya qo‘lidan halok bo‘lgan. Bu holatlarning barchasi haydovchilarning mashinani to‘xtatishdan bosh tortgani bilan bog‘liq.

Yevropadagi eng kuchli qurollanganlardan biri hisoblangan fransuz politsiyasi, ayniqsa norozilik namoyishlari paytida bir necha bor shafqatsizlik va haddan tashqari kuch ishlatishda ayblangan.

Fransiya politsiyasi ixtiyorida bo‘lgan granatalar, granatomyotlar, suv to‘plari, kvadrotsikllar, tonfalar va boshqa qurollar namoyishchilarning namoyishlar paytida ko‘p jarohatlanishining asosiy sababi deb ataladi.

2018-yil noyabr oyidan beri “Sariq jiletlilar” harakatining 600 dan ortiq a’zosi “fleshbol” deb nomlanuvchi travmatik quroldan jarohatlangan, ulardan 29 nafari tuzatib bo‘lmaydigan jarohatlarga ega.