Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rinadi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ularni qanday yoritgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — barini “Eski gazetalar sharhi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

1933-yil 3-iyul

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 3-iyul sonidagi bosh mavzu — suvni tejab, paxta dalalarini o‘z vaqtida sug‘orish. Shu mavzuga bag‘ishlangan turkum materiallar boshiga: “Yo‘llar va ko‘chalarda suv toshqin, dalalar bo‘lsa namga muhtoj”, — deya mamlakatning o‘sha vaqtdagi uch rahbaridan biri, O‘zbekiston Kompartiyasi rahbari Akmal Ikromovdan iqtibos ham keltiriladi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 3-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 3-iyul sonidan

“Suvni isrof qilishga qarshi qat’iy zarba” materialida ta’kidlanishicha, “hatto alohida rayonlar (Beshariq)da to‘g‘on boshida oshna-og‘aynigarchilik hollati davom etayotir. Chanqagan, qaqragan g‘o‘zalar qolib, ikkinchi navbatda sug‘orilishi mumkin bo‘lgan g‘o‘zalar sug‘orilayotir”. “Mirzacho‘l rayonida suv mo‘l bo‘lishiga qaramay, beda, sabzavot ekinlarini sug‘ormaganlar”, — deyiladi material davomida.

Toshkentning oktabr (hozirgi Shayxontohur) tumanidagi g‘isht zavodi ishchilaridan biri shikoyatnoma yuborgan (buni jamoatchilik nazoratining o‘sha vaqtlardagi bir ko‘rinishi sifatida e’tirof etsa ham bo‘ladi). Unda qayd etilishicha, “ishchilarni non bilan o‘z vaqtida ta’minlashga ahamiyat berilmaydi. Har kungi non soat 2−3 da keltirilib, kechqurungina beriladi. Shungacha ishchilar non orqasidan chopib, ishdan qoladilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 3-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 3-iyul sonidan

Gazetaning shu sonidagi eng muhim xabarlardan biri — Toshkent va Moskva o‘rtasida havo yo‘li ochilayotgani haqidagi qisqagina axborotdir.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 3-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 3-iyul sonidan

1963-yil 3-iyul

Bosh mavzu, 30 yil avval bo‘lganidek — paxta. Respublika rahbari Sharof Rashidov Surxondaryoga safar qilib, Shahrisabz (Qashqadaryo viloyati 1960−1964-yillarda Surxondaryo viloyati tarkibida bo‘lgan), Angor va Sho‘rchida mahalliy kolxoz va sovxoz vakillari bilan uchrashgan. Ana shu uchrashuvlar davomida surxondaryolik paxtakorlarning butun O‘zbekiston mehnatkashlariga qaratilgan “Iyul oyida g‘o‘za parvarishini yanada kuchaytirish haqida”gi murojaati qabul qilingan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan

Shu bois “Qizil O‘zbekiston”ning 1963-yil 3-iyul sonining yarmini shu murojaat egallagan. Murojaatning qisqacha mazmuni shunday: “Surxondaryo paxtakorlarining murojaatiga javoban har bir xo‘jalikda g‘o‘za parvarishini kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha tadbirlar belgilaylik, g‘o‘zaning rivojlanishini tezlashtirib, iyulda mo‘l hosil to‘playlik!”. Qayd etish joiz, O‘zbekiston o‘sha yili 3 mln 566 ming tonna paxta yetkazib berish majburiyatini olgan edi.

Bu davrdagi markaziy gazetalarda qishloq xo‘jaligining turli sohalariga oid reja-jadvallarni ko‘rish mumkin. Masalan, bu safar xashar tayyorlash plani tumanlar kesimida qanday bajarilayotgani bilan tanishish mumkin (Surxondaryo va Qashqadaryodan tashqari Sirdaryo va Jizzax, Andijon va Namangan viloyatlari ham bitta bo‘lgan, hozirgi Navoiy viloyati esa asosan Samarqand va Buxoro viloyatlari o‘rtasida “taqsimlangan” edi; tumanlarning nomari ham qiziq bir mavzu):

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan

“Qizil O‘zbekiston”ning bu safargi sonida jamoatchilik nazorati xabarlariga butun bir sahifa ajratilgan. Ularda bog‘cha bolalarining haqi yeyayotgan oshpaz, “yo‘q odam”ni ishga olib, so‘ng maoshini o‘ziga olayotgan rahbar, sifatsiz oshxona xizmati, sifatsiz transport xizmati, bozorlarning yulg‘ich xodimlari va boshqalar haqida ko‘pdan-ko‘p “signal”lar berilgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan

Jahonda nima gap? Yugoslaviyada 1963-yil aprelida yangi konstitutsiya qabul qilingach, mamlakat rahbariyati ham qaytadan saylangan, hukumat yangilangan. O‘sha vaqtda Yevropaning eng yirik mamlakatlaridan biri hisoblangan bu federatsiyadagi o‘zgarishlar nafaqat AQSh va uning Ko‘hna qit’adagi ittifoqchilari tomonidan, balki Sovet Ittifoqida ham diqqat bilan kuzatib borilgan. Chunki u, boshqa sotsialistik davlatlardan farqli o‘laroq, Sovet Ittifoqidan ancha mustaqil siyosat olib borar edi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan

Bu vaqtda Iroqda hukumat qo‘shinlari va kurdlar o‘rtasida og‘ir to‘qnashuvlar yuz bermoqda edi. Oradan 60 yil o‘tib, Iroq tarkibida nisbatan tinch va nisbatan farovon Kurdiston muxtor hududi bor, unga hozirda 1963-yili Iroq hukumat kuchlariga kuchlariga qarshi kurashgan Mustafo Barzoniyning nevaralari — Nechirvan Barzoniy (prezident) va Masrur Barzoniy (bosh vazir) rahbarlik qiladi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 3-iyul sonidan

1993-yil 3-iyul

O‘zbekiston markaziy gazetalarida 4-iyul — Amerika mustaqilligi kuni munosabati bilan prezident Islom Karimovning AQSh davlat rahbari Bill Klintonga yo‘llagan tabriknomasi matni e’lon qilingan. “Biz AQShning buyuk yutuqlarga ega bo‘lgan mamlakat sifatida yosh mustaqil davlatlarga demokratik an’analar va bozor iqtisodiyotini rivojlantirishda berayotgan texnikaviy va insonparvarlik yordamini yuksak baholaymiz”, — deyiladi Karimovning tabrigida.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan

“Pravda Vostoka” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonida ma’lum qilinishicha, shu kunlarda prezident Karimov “Bi-bi-si”ning Markaziy Yevropa xizmati rahbarini qabul qilgan. Qisqagina axborotdan anglashilishicha, mehmon qabuldan xursand va 1994-yildan “Bi-bi-si” o‘zbek tilida ham eshittirishlar uzata boshlashi kutilmoqda (oradan bir yil o‘tib, haqiqatan ham, “Bi-bi-si O‘zbek xizmati” ish boshlagan).

“Pravda Vostoka” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan“Pravda Vostoka” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan

Prezident nafaqat “Bi-bi-si” rahbarlaridan birini, balki Rossiyadagi “Kamaz” yuk mashinalarini ishlab chiqaruvchi korxona rahbarini ham qabul qilgan, O‘zbekistonga kuchli yuk mashinalari kerakligini, “Kamaz”larni O‘zbekistonning o‘zida yig‘ishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan (Islom Karimovning bu taklifi oradan 25 yil o‘tibgina amalga oshdi).

“Pravda Vostoka” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan“Pravda Vostoka” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonida yuridik fanlari doktori Alisher Azizxo‘jayevning Rossiya matbuoti O‘zbekiston haqidagi yolg‘on materiallarni qanday tayyorlayotani haqida sharh bergan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan

“Ushbu maqolalar ortida qanday niyatlar turganligi haqida o‘ylab ko‘raylik. Ulardan asosan uchta maqsad ko‘zda tutiladi. Birinchidan, ular rossiyaliklarni Markaziy Osiyodagi yangi davlatlarning o‘zaro hamkorligi Rossiya manfaatlariga qarshi qaratilgan demoqchi bo‘lishadi. Ikkinchidan, Qirg‘iziston va Tojikistonning O‘zbektiston bilan regional hamjihatligini ichidan yemirishga uriniladi. Bunda asosiy zarba regiondagi eng kuchli bo‘lmish O‘zbekistonga qaratilgan. Uchinchidan, xalqaro jamoatchilik nazarida O‘zbekistonni yaqin qo‘shnilariga, keyinroq esa uzoqroqqa tajovuzkor munosabatdagi davlat qilib ko‘rsatishga harakat qilingan”, — deb yozadi Azizxo‘jayev.

“Yana farmoni oliy kerakmi?” sarlavhali material — davlat tiliga bepisandlik haqida. “Xalq so‘zi” muxbiri Ismatilla Toshevning yozishicha, “har xil varaqa (forma)lar hamon eskicha. Ularni o‘zbekcha to‘ldirish mushkul. Buxgalteriya hisob-kitobi ham ilgari qanday bo‘lsa, shundayligicha qolyapti. Chunki yuqori moliya idoralarining o‘zi bu borada jiddiyroq qadam qo‘ymaganga o‘xshaydi”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan

1993-yil 3-iyul kuni o‘zbek tilidagi markaziy gazetalarda ham, rus tilidagilarida ham 1913-yil 3-iyun kuni tug‘ilgan akademik Xadicha Sulaymonova xotirasiga bag‘ishlangan turkum materiallar e’lon qilingan. Xususan, O‘zbekiston Oliy sudi raisi Ubaydulla Mingboyevning “Xalq so‘zi”da e’lon qilingan “Qattiqqo‘l, ammo mehribon edi” sarlavhali xotiranomasida Sulaymonova xonimning 1964−1965-yillarda O‘zbekiston Oliy sudiga rahbarlik qilgani eslanarkan, u “dunyo davlatlari ichida oliy sudya (Oliy sud raisi demoqchi — tahr.) lavozimini egallagan birinchi ayol” deya ta’riflanadi (ammo bu fakt bahsliroq).

1950-yillarda O‘zbekistonga rahbarlik qilgan Nuriddin Muhiddinovning “O‘zbekning jasoratli qizi” materialida esa o‘sha yillarda “hammasi bo‘lib O‘zbekistondan 40 mingga yaqin “xalq dushmani” deb atalgan va uzoq muddatga surgun qilingan kishilarning oqlanishi”da Xadicha Sulaymonovaning ham o‘rni katta bo‘lganini qayd etib o‘tgan.

Shu kungi gazetalarda chiqqan e’tiborga molik materiallar orasida “O‘zgidromet” tomonidan “iyunda tinmay yomg‘ir yog‘sa, qish sovuq keladi” (1993-yil iyuni favqulodda seryog‘in kelgan), “oktabrning yarmida gupillab qor yog‘ib yuborsa, qorbo‘ronli qish kutaver” kabi xalq og‘zidagi alomat-gaplarga ko‘p yillik kuzatuvlarga asoslangan holda berilgan raddiya alohida ajralib turadi.

“Pravda Vostoka” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan“Pravda Vostoka” gazetasining 1993-yil 3-iyul sonidan