28-iyun kuni taxminan soat 03:30 atrofida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” kompaniyasining Janubiy kon boshqarmasiga qarashli Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi Zarmitan oltin konida ikki yigitning og‘ir tan jarohati olgan holatdagi jasadi topildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

20 va 24 yoshli yigitlarning jasadlari kon ishchilarining kiyimida va yonlarida 2 qopda jami 94 kg og‘irlikdagi ma’dan toshlar bo‘lgan holda topilgan. Ular tarkibida oltin bo‘lgan ma’danli toshlarni talon-toroj qilish uchun g‘ayriqonuniy ravishda kirgani taxmin qilinmoqda.

Jasadlarni 2-ma’dan yuklash punktiga borib qaytayotgan mashina operatori S.A. aniqlagan. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, yigitlarni yerosti o‘ziyurar mashina operatori bosib o‘tgan bo‘lishi ham mumkin.

O‘ziyurar mashina kabinasi operatorning yon tomonida joylashgan va yigitlar mashina harakat yo‘nalishining qarama-qarshi yon tomoni — operator ko‘rish radiusidan tashqarida qolgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, hodisa joyiga tezkor tergov guruhi a’zolarini hamda Qizilqum kon texnika inspeksiyasi mutaxassislari chiqishi ta’minlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.