O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi Turon World Cooperation xususiy bandlik agentligi orqali Germaniyaga ishlash uchun borib, og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.

Bloger Nikita Makarenkoning xabariga ko‘ra, 300 ga yaqin o‘zbekistonlik yoshlar ularni Germaniyaga ishlashga yuborgan firmaning “qurboni bo‘lgan” va firma shunchaki “g‘oyib bo‘lgan”. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlarga Ferienjob dasturi (Amerikaning Work and Travel dasturi analogi) bo‘yicha ishga joylashtirish va’da qilingan. “Hozir ular vokzalda tunamoqda, nima qilish kerakligini bilmaydi”, — deb yozgan u.

Rasmiylarning munosabati

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiining aniqlik kiritishicha, Turon World Cooperation bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda may-iyun oylarida Germaniyaga 102 nafar talabani jo‘natgan, biroq bu mamlakatga kelgan talabalarni ish bilan ta’minlashda muammolar yuz bergan.

Holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlangan, vaziyatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qilinadi, deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik fuqarolarni xorijda ishlashga jalb qilish litsenziya talab qiladigan faoliyat ekanini eslatdi. Bugungi kunga qadar 9 ta xususiy bandlik agentligi, jumladan, 2020-yil 25-noyabrda litsenziya olgan Turon World Cooperation ushbu ruxsatga ega.

Qayd etilishicha, joriy yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning NoVo Agency tashkiloti bilan hamkorlik doirasida 310 nafar talaba Work and Travel dasturi bo‘yicha Germaniyaga borib, ishga joylashdi, yana 39 nafar talaba tez orada viza olishi kerak. Bu talabalar tomonidan hech qanday shikoyat bo‘lmagan, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulligi Germaniyaga kelgan, “ish topishdagi muammolar va yetarli moliyaviy resurslar yo‘qligi sababli” Myunxen markaziy vokzalida tunashga majbur bo‘lgan fuqarolar haqida ma’lumot olganini bildirdi.

“O‘zbek diplomatlari „Humo“ o‘zbek-nemis madaniy jamiyati faollari bilan birgalikda voqea joyiga zudlik bilan yetib bordi va o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan hamkorlikda 35 nafar O‘zbekiston fuqarosiga ushbu hududda vaqtincha yashash uchun zarur yordam ko‘rsatdi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi va Bosh konsulligi vaziyatni o‘z nazoratiga oldi va vakolatli organlar bilan birgalikda vaziyatni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda, deyiladi diplomatik missiya xabarida.

Turon World Cooperation izohi

Turon World Cooperation ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotlar “ba’zi kimsalar tomonidan avvaldan rejalashtirilgan va tayyorlangan”ini da’vo qilmoqda.

“Berilgan ma’lumotlarning deyarli hammasi yolg‘on, ya’ni noto‘g‘ri ma’lumotlar. Uyalmasdan, 300 kishi ko‘chada qolgan, deyishmoqda, bu asossiz. Hatto Turon World`ning litsenziyasi yo‘q, deyishyapti. Bularning barchasi, albatta, yolg‘on. Ko‘pgina media kanallar bu ma’lumotni pul evaziga tarqatmoqda. Fursatdan foydalanib, ba’zilar o‘z agentliklarini ham reklama qilishga ulgurdi”, — deya ta’kidladi kompaniya.

Turon World Cooperation o‘zini xalqaro mehnat migratsiyasi sohasida faoliyat yurituvchi inson resurslari agentligi sifatida ta’riflagan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu agentlikdan o‘tgan minglab nomzodlar Yevropa va boshqa mamlakatlarda “ajoyib sharoit va maosh evaziga” ishlamoqda.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2020-yil oktabr oyida 2 milliard so‘m ustav kapitali bilan ro‘yxatdan o‘tgan.