O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 26-iyundagi qarori bilan o‘qituvchilarning yillik uzaytirilgan mehnat ta’tillari muddatlari tasdiqlandi.

Hujjat maktablar, ixtisoslashtirilgan maktablar, maktabdan tashqari tashkilotlar (“Barkamol avlod” maktablari, yosh pedagoglar markazlari), sport va musiqa maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, “Mehribonlik uylari”, kasb-hunar maktablari, kollej, texnikumlar direktorlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, shuningdek, ularning o‘rinbosarlari, o‘qituvchilari, pedagoglari, psixologlari, defektologlari, logopedlari va ta’lim muassasalarining boshqa xodimlariga tegishli.

Endilikda umumta’lim maktabi direktori va uning o‘rinbosarlari 56 kun, o‘qituvchi, logoped, defektologlar 56 kun, tarbiyachi, psixolog, to‘garak rahbari, musiqa rahbari 42 kunlik ta’til olishlari mumkin bo‘ladi.

Bog‘chalardagi direktor, tarbiyachi, musiqa rahbari, psixolog, tarbiyachi metodistga 42 kun, jismoniy tarbiya yo‘riqchisi, xoreograf, suzish bo‘yicha yo‘riqchi, tarbiyachi yordamchisiga 27 kun, o‘qituvchi, logoped va defektologga 56 kun uzaytirilgan ta’til beriladi.

Avvalroq o‘qituvchilar ta’til to‘lovi miqdori o‘tgan yilga nisbatan kamaytirilganidan shikoyat qilgandi. Bungacha ular 48 ish kuni yoki 56 kalendar kuni dam olgan. Ammo Mehnat kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan yakshanba kuni ham 48 kun ichiga kiritilgan va pul to‘lanadigan ta’til kunlari 7 kunga qisqargani hisobiga ta’til puli kam chiqishi shikoyatga sabab bo‘lgan. ta’til davomiyligini 48 kalendar kuni (41 ish kuni) deb hisoblash noqonuniy hisoblanadi va to‘lov miqdori kamaytirilgan o‘qituvchilarning huquqlari tiklanadi, deb xabar qildi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi.

Yangi Mehnat kodeksiga ko‘ra, pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tillarining muddatlari Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Pedagoglar ta’til muddatini belgilash bo‘yicha me’yoriy hujjat qabul qilinishi kechikayotganini ta’kidlagandi. 26-iyun, dushanba kuni esa hujjat qabul qilindi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ham 56 kunlik uzaytirilgan ta’til ko‘zda tutilgan.

Quyidagi jadvalda o‘qituvchilarning uzaytirilgan ta’tillari ko‘rsatilgan.

uzaytirilgan ta’til, ta’til, pedagoglar

uzaytirilgan ta’til, ta’til, pedagoglar

uzaytirilgan ta’til, ta’til, pedagoglar