Germaniya hukumati iqlim o‘zgarishi tufayli tez-tez kuzatilayotgan va kuchayib borayotgan issiq harorat to‘lqinlari oqibatida o‘lim holatlarining oldini olish bo‘yicha kampaniya boshlanganini e’lon qildi, deya xabar bermoqda Euronews.

GFR sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbaxning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Fransiya tajribasini o‘rganishni rejalashtirmoqda. 2003-yilda Fransiyada 15 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan anomal issiqlik to‘lqini kuzatilgan, shundan so‘ng mamlakat hukumati maxsus choralar ko‘rgan.

Kampaniyaning dastlabki bosqichi shahar hukumatlari uchun mahalliy joylarda amalga oshirishi mumkin bo‘lgan harakatlarni o‘z ichiga olgan maxsus veb-saytni ishga tushirishdan iborat. Germaniya hukumati, shuningdek, issiqlik to‘g‘risida ogohlantirishlarni qanday qilib eng yaxshi tarzda tarqatishni o‘rganmoqda.

Bundan tashqari, hukumat issiq davrlarda himoya qilish uchun shaharlarda ko‘proq soyali va salqin joylar yaratishni ko‘rib chiqmoqda.

Kelgusi haftalarda Germaniya hukumati issiqlikdan himoya qilish bo‘yicha milliy rejani ishlab chiqish niyatida.