O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi oilaviy poliklinikada ro‘yxatdan o‘tmagan aholiga davlat tibbiy sug‘urta tizimi doirasida xizmatlar pulli taqdim etilishi haqidagi xabarlarni rad etdi.

“Internetda tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz. Normativ hujjatlarga ko‘ra, respublikaning barcha fuqarolariga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar bepul taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.

“1-iyuldan Toshkent shahridagi 71 ta oilaviy poliklinika, 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy polikliklinika va 40 ta shifoxona kompyuter jihozlari, zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlanib, tibbiyot muassasalarini to‘liq raqamlashtirish uchun barcha sharoitlar yaratildi, deya ta’kidladi”, — Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Tizim ishga tushirilgach, fuqarolar davlat budjeti mablag‘lari doirasida kafolatlangan tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shaxsiy ma’lumotlar, tashxis, kasalliklar, olgan muolajalar haqida to‘liq ma’lumotlar kiritilib, shifokor shu asosda bemorni nazoratga oladi.

Shuningdek, bemorlar dori vositalarining retseptlarini elektron shaklda olishlari mumkin bo‘ladi. Bu oilaviy poliklinikalardagi navbatlarni kamaytiradi, deya ta’kidladi vazirlik.

Poliklinikaga shaxsiy tashrif

Tizimda ro‘yxatdan o‘tish uchun Toshkent shahri aholisi o‘z oilaviy shifoxonalariga tashrif buyurganida bir marta identifikatsiyadan o‘tishi kerak. “Elektron poliklinika” tizimiga ma’lumotlarni kiritish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish lozim.

“Agar telefon orqali kimdir o‘zini oilaviy poliklinika xodimi deya tanishtirsa va sizdan o‘zingiz hamda oila a’zolaringiz pasporti va farzandlaringizning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari nusxalarini internet tarmog‘i orqali uzatishni so‘rasa, buni rad eting”, — deya ogohlantirdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

“Oilaviy poliklinika xodimlari telefon orqali sizdan pasport ma’lumotlarini tasdiqlash uchun vaqt ajratishingiz va tibbiyot muassasasiga shaxsan kelishingizni so‘raydi”, — deyiladi xabarda.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasalariga biriktirish voyaga yetgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Voyaga yetmagan shaxslarni biriktirish uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari tomonidan bajariladi.