22-iyun kuni soat 21:15 atrofida xalqaro ahamiyatdagi M39 Toshkent-Termiz yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan o‘tgan qismida 15 yoshli o‘smir YTH oqibatida halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Yoshlar telekanalining Davr dasturida.

Hodisaga yigit yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tgani va ushbu yo‘l kechki payt yoritilmagani sabab bo‘lgan. Yo‘l chetida yoritish tizimi o‘rnatilgan, chiroqlar va hududda barcha belgilar mavjud. Ammo elektr energiyasi berilmaydi.

Mahalliy aholining aytishicha, yo‘l yoritilmagani sabab odam o‘limi bilan bog‘liq bu birinchi holat emas, 4−5 odam vafot etgan. Samarqanddan kelayotgan mashinalar juda katta tezlikda keladi. Jizzaxdan borayotganlar svetafor borligi uchun bir to‘xtab oladi.

“M39 yo‘lidagi yoritish moslamalari Obodonlashtirish bo‘limining balansida, ular xizmat ko‘rsatadi. Texnik kamchiliklari bor, shuning uchun o‘chib turibdi, menimcha. Transformatrlari ulangan, faqat ularni yoqish kerak”, — dedi tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Oybek Sultonov.

G‘allaorol tumani Obodonlashtirish bo‘limi rahbari G‘ulom Oqmirzayev esa chiroqlar o‘tgan yili anomal sovuq tufayli energiyani tejash maqsadida o‘chirilgani, o‘shandan buyon yoqilmaganini, hokimiyat ruxsat bersagina yoqilishini aytdi.

“Tok bo‘yicha qarzdorlik mavjud emas, o‘tgan yili anomal sovuq tufayli o‘chirilgan. O‘shandan buyon yoqilmagan, hokimiyat ruxsat bersa, yoqamiz. Xodimlar bilan hamma lampochkalarni almashtirib chiqqandik. 90 foizi yonadi”, — dedi u.

Biroq hokimiyat vakili uning so‘zlarini rad etdi. “Hokimiyatdan elektr energiyasini tejash maqsadida o‘chirilsin degan buyruq berilmagan. Hozir ishchi guruh tuzib, masalani ko‘rib chiqib, bugun bartaraf etamiz”, — dedi tuman hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Sahob Ermanov.

Ta’kidlanishicha, ushbu yo‘lning 8 kilometr qismi yoritilmaydi. 2023-yilning o‘zida yo‘lning shu qismida 12 ta YTH sodir bo‘lgan.