Turkiya Markaziy banki 22-iyunda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida mamlakatda foiz stavkasini 8,5 foizdan 15 foizga oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu foiz stavkasining 2021-yildan beri birinchi marta oshirilishi.

So‘nggi yillarda Turkiya regulyatori prezident Erdog‘anning “past qarz xarajatlari” siyosati ta’siri ostida foiz stavkasini muntazam pasaytirib kelayotgan edi. Bu, o‘z navbatida, chuqur inflyatsiya, yashash xarajatlarining ko‘tarilishi va investorlarning mamlakatni tark etishiga olib keldi. Turkiyaning yangi iqtisodiy rahbariyati, shuningdek, “erkin valyuta rejimi” qayta tiklanishini va’da qilmoqda.

Shunga qaramay, o‘sish ko‘lami kutilmalarni oqlamadi. Financial Times nashriga ko‘ra, mamlakatda narx bosimini bartaraf etish yanada keskin choralarni talab etardi. Bank qaroridan keyin lira dollarga nisbatan navbatdagi rekord darajasini qayd etdi — 24,5. Mahalliy ishbilarmonlar va xalqaro investitsiya banklari foiz stavkasining 20 foizga oshishiga umid qilishgan.

Mamlakatning yangi moliya va iqtisodiyot vaziri Mehmet Shimshek stavkani oshirish bo‘yicha regulyator qaroridan so‘ng Turkiya iqtisodiy siyosati endilikda “tartibga solishga asoslangan” pul va moliya siyosati orqali erishilgan “barqaror” o‘sishga qaratilishini ta’kidladi. Shuningdek, u “erkin valyuta rejimi” so‘nggi yillarda Turkiyani tark etgan investorlarni qaytarish yo‘lida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini qayd etgan.

Mamlakat bu yil o‘z valyutasini davlat banklari vositasida himoya qilish, shuningdek, biznes vakillari hamda iste’molchilar xorij valyutasini saqlashi va sotishining oldini olish maqsadida amalga oshirgan choralari uchun kamida 25 mlrd dollarga yaqin mablag‘ sarfladi.

Bir qator mutaxassislarga ko‘ra, Turkiya iqtisodiyoti past foiz stavkalari va o‘tgan oydagi saylov oldidan hukumat xayriyalari natijasida haddan tashqari “qizib ketgan”. Hafize Erkan rahbarligidagi Markaziy bank kelgusi oylarda qarz olish xarajatlarining yanada oshishiga ishora qilib, “inflyatsiya ko‘rsatkichida sezilarli yaxshilanishga erishilgunga qadar siyosat vaqti-vaqti bilan va bosqichma-bosqich zarur darajada kuchaytirilishi”ni ta’kidlagan. Shunga qaramay, bankning sobiq bosh iqtisodchisi Hakan Karaning fikricha, payshanba kungi qaror “rahbariyatning yaqin istiqboldagi ustuvor yo‘nalishi inflyatsiyani pasaytirish emas, balki [iqtisodiy] o‘sish bo‘lishidan dalolat bermoqda”.

Hozirda Turkiya regulyatori mamlakatda inflyatsiya deyarli 40 foizni tashkil etgani holda, yashash xarajatlari inqirozini yengishga umid qilmoqda. Financial Times ning yozishicha, bankning foiz stavkasini oshirish haqidagi qarori uning an’anaviy siyosatga o‘tishini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, investorlar Turkiyani yigirma yil davomida boshqargan Erdog‘an faqat vaziyatni o‘zgartirish uchun bu yo‘ldan borayotgan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Markaziy bankning sobiq rahbari Nachi Ag‘bal 2021-yil boshida, o‘z muddatidan bir necha oy o‘tgach, qarz olish xarajatlarini oshirgani uchun ishdan bo‘shatilgan.

Mamlakat prezidentligiga qayta saylangan Rejep Tayyip Erdog‘an Mehmet Shimshekni g‘aznachilik va moliya vaziri etib tayinlagani hamda Markaziy bank rahbarligini Hafize Gaye Erkanga ishonib topshirganidan so‘ng mutaxassislar va jamoatchilikda pul-kredit siyosatining an’anaviy yo‘nalishga qaytilishi, moliyaviy vaziyatning barqarorlashuviga umid uyg‘ongan edi.