Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijasi muhokama etildi.

Ta’kidlanishicha, Agentlik tomonidan sohada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Milliy muzey fondining Davlat katalogi elektron shakli (www.goskatalog.uz) yaratilgan bo‘lib, unga 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari kiritilgan.

“Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi yo‘lga qo‘yilishi natijasida 3 400 ta madaniy boyliklar aholi tomonidan muzeylarga beg‘araz topshirilgan. Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 2022-yilda 307 mln so‘mlik 23 ta, 2023-yilda 2,4 mlrd so‘mlik 106 ta ashyo va buyumlar aholidan xarid qilingan.

Majlisda senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, parlament so‘rovida ko‘tarilgan qator masalalar bo‘yicha ma’lumotlar to‘laqonli aks ettirilmaganligi, shuningdek, muammolar haligacha saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda bo‘lib, ularning soni 100 dan ortiqni tashkil etayotgani, “Muzeylar to‘g‘risida"gi qonunning aksariyat normalari eskirgani, sohada vakolatli organni aniq belgilash lozimligi qayd etildi.

Muzey binolaridan tashqarida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining mahalliy va xorijiy ko‘rgazmalarini tashkil etish va o‘tkazish qoidalari belgilanmagan. Muzey binolarini qurish, ta’mirlash, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash va xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazardan jihozlash me’yorlari qabul qilinmagan.

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida 2022-yilda tashkil etilishi belgilangan restavratsiya laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Bugungi kunda muzey ashyolari va kolleksiyalarini restavratsiya qilishga qaratilgan markazlashgan laboratoriya tashkil etilishiga ehtiyoj mavjud.

Muzeylar binolari ta’mir talab holatda, ayrimlarida isitish va sovitish tizimi ishlamaydi, moddiy texnik bazasi ma’nan eskirgan. Muzeylar ekspozitsiyasining texnik jihozlari muzey talablari va standartlariga mos kelmaydi.

Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi 1968-yildan buyon ta’mirlanmagan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyining kommunikatsiya tizimi 1970-yildan beri rekonstruksiya qilinmagan. Tamara xonim uy-muzeyi ham kapital ta’mirga muhtoj.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 975-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmagan.

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyiga 2021-yildan buyon Toshkent shahrining Adiblar xiyoboni — “Ma'naviyat” shaharchasida yangi bino qurilishi ta’kidlab kelinmoqda. Ammo haligacha mazkur masala o‘z yechimini topmagan. Muzeyni ta’mirlashni nazarda tutuvchi prezident hamda hukumat qarorlari ijrosi ta’minlanmagan. Muzey binosida sharoit yo‘qligi sababli unda saqlanayotgan 69 575 ta noyob ashyo xavf ostida qolmoqda.

Muzeylarda chiptalar sotishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, kirishda elektron hisobga olish tizimiga ega turniketlar o‘rnatish ishlari bajarilmagan.

Muzeylar sohasidagi qonun buzilishlari, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlar tahlil qilinmagan. Milliy muzey fondining Davlat katalogi bosma shakli chop etilmagan.

Respublikadagi muzey rahbar xodimlari va mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Muzey ashyolari va kolleksiyalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun mutaxassislar yetishmaydi. Muzeylardagi mavjud gid-ekskursovod shtatlari qisqartirib yuborilgan.

Shuningdek, senatorlar Toshkentdagi Tabiat muzeyi binosining 2-qavatida tadbirkorlik subyektlari va o‘quv kurslari mavjudligi tanqid ostiga olindi. Qayd etilishicha, ushbu qavatda muzeyning 35 mingdan ortiq ashyolari bor. Muzey hukumat vakillar yordamiga muhtoj ekani ta’kidlandi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva muzeylar, xususan muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar talab darajasida emasligini ta’kidladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 261-sonli qaroriga asosan o‘tgan yil iyul oyidan boshlab har yili davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini xarid qilish uchun hududlardagi davlat muzeylariga mahalliy budjetlardan 500 million so‘mdan mablag‘ ajratib borilishi belgilangan. Biroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va hatto poytaxt Toshkent shahrida ham mazkur vazifa bajarilmagan”, — dedi rais.

Mazkur hududlar rahbarlaridan, jumladan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridan ushbu masalaga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raldi.

“Bu yerda qator kompleks muammolar ko‘tarilmoqda. Ularni samarali hal etmay turib ushbu yo‘nalishda kutilgan natijalarga erishish qiyin. Shu bois parlament so‘rovidagi masalalar Senatning qat’iy nazoratida qoladi”, — deya so‘zini yakunladi Tanzila Narbayeva.

Muhokama so‘nggida senatorlar yuqoridagi masalalarning ijobiy hal etilishi yuzasidan tegishli choralar belgilangan Senat qarorini bir ovozdan ma’qullashdi.