Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston — Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonidan uning 2022-yil 21-dekabr kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan.

Shartnomaga ko‘ra O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizig‘i uzunligi 2 356 kilometrdan ortiqdir. Shartnoma bilan O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, shartnomaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qiladi.

“Qonun O‘zbekiston — Qozog‘iston Davlat chegarasi demarkatsiyasi bo‘yicha uzoq vaqt davom etgan jarayonning mustahkam huquqiy yechimi bo‘lishi bilan birga o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlarimizning yangi sahifasi bo‘ladi hamda o‘zaro teng manfaatli aloqalarimiz ravnaqiga xizmat qiladi, deb ishonamiz”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.