Berlin Economics mustaqil konsalting kompaniyasi maslahatchisi Veronika Movchan “Iqtisodiy sharh” jurnali bilan intervyusida JSTga qo‘shilmagan mamlakatlarning import bojlari rejimiga ega bo‘lishi ma’muriy jihatdan foydasiz ekanini bildirdi.

Ekspert monopoliyalarning rolini kamaytirishga qaratilgan ishlar ham muhim ahamiyatga egaligi, bu orada O‘zbekiston iqtisodiyotida davlatning roli yuqoriligicha qolayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“Bu JSTga qo‘shilishda davlat kompaniyalari raqobatni buzmasligi, ularning tijorat tamoyillari asosida ish yuritishi uchun ham juda muhim. Har holda, bu tashqi savdoga taalluqli. Chunki ko‘pgina davlatlar allaqachon JSTga a’zo bo‘lgan va savdoning qariyb 98 foizi ular o‘rtasida amalga oshiriladi. Shu ma’noda, hali JSTga qo‘shilmagan mamlakatlarning kichik qismi tomonidan qo‘llanadigan import bojlari rejimiga ega bo‘lish ma’muriy jihatdan foydasizdir, chunki bu budjet daromadlarining o‘sishida qo‘shimcha xarajatlar hisoblanadi”, — dedi Movchan.

Uning aytishicha, import bojlarini 20 foizga kamaytirish YAIMning har yili bazaviy trayektoriyaga nisbatan +0,2 foiz darajasida o‘sishini ta’minlaydi. 50 foizga kamaytirish ssenariysida YAIM o‘sishi +0,3 foizni tashkil qiladi. Deyarli to‘liq liberallashtirish (80%) ssenariysida esa YAIM bazaviy trayektoriyaga nisbatan qo‘shimcha 0,4 foizga, farovonlik esa +0,9 foizga oshadi.

“JSTga a’zolik butun dunyoga ushbu mamlakat bilan hamkorlik qilish mumkinligi haqida signal berish va yangi bozorlarga, jumladan, Yevropaga chiqish imkoniyatidir. Biroq O‘zbekiston uchun bu ancha qiyin bo‘lishi mumkin, chunki logistika sohasida ba’zi muammolar mavjud. Shuning uchun hozir Yevropa Ittifoqiga e’tibor qaratish qanchalik mantiqiy ekani yoki Osiyoda yana nimalar qilish mumkinligi haqida o‘ylash kerak”, — degan ekspert.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi haqida gapirgandi. “Trend dinamik bo‘ladi, biz bu borada faol ish olib boryapmiz. Bizda juda qisqa muddat bor va uning ustida ishlaymiz”, — degandi u.