“Rayffayzenbank” — Rossiya banki hamda Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) banklar guruhining sho‘ba korxonasi — O‘zbekiston va boshqa qator davlatlar, jumladan, Rossiyaning o‘ziga yevroda pul o‘tkazmalari to‘xtatilganini e’lon qildi, deb xabar qildi bank matbuot xizmati.

“3-iyuldan boshlab, agar oluvchi bank quyidagi mamlakatlardan birida joylashgan bo‘lsa, yevrodagi chiquvchi to‘lovni amalga oshirib bo‘lmaydi: Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, BAA, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston. Yangi shartlar mijozlar — jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga taalluqlidir”, — deyiladi xabarda.

Qaror korrespondent banklar tomonidan qo‘yilgan cheklovlar bilan izohlanadi.

Bank mijozlarga pul o‘tkazmasi valyutasini o‘zgartirish yoki to‘lovni amalga oshirish uchun boshqa usullardan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Yangi shartlar “Rayffayzenbank”ning Rossiyadagi mijozlari o‘rtasida yevrodagi pul o‘tkazmalariga taalluqli emas. Mijozlar o‘z hisoblari o‘rtasida yevro o‘tkazishlari yoki ushbu bankning boshqa mijoziga yuborishlari mumkin.

“Rayffayzenbank” Rossiyadagi tizimli ahamiyatga ega bank bo‘lib, 2022-yil oktabrida aksiyalari, shuningdek, ustav kapitalidagi ulushlari bilan bitimlar tuzish taqiqlangan 45 ta tashkilot ro‘yxatiga kiritilgan, deb yozadi RBK.

Reuters agentligiga ko‘ra, Yevropa Markaziy banki RBI’dan Rossiyadan chiqishni talab qilmoqda. RBI Rossiya filialining kelajagi variantlarini o‘rganishda davom etayotganini aytdi. May oyida Reuters agentligi RBI uchinchi tomon xaridorini topish ilinjida bir necha oy davom etgan muvaffaqiyatsiz qidiruvdan so‘ng Rossiyaning Raiffeisen sho‘ba korxonasini o‘z aksiyadorlariga o‘tkazishga moyilik bildirgani haqida yozgan edi.