Parij shahar kengashi Fransiya poytaxtidagi yangi binolar balandligini 37 metr yoki 12 qavatgacha chekladi, deya xabar bermoqda Euronews. Taqiq yangi urbanizatsiya rejasining (Plan Local d’Urbanisme) bir qismi bo‘lib, u shahar ichida yashil qurilishni rivojlantirishga qaratilgan.

Yangi shaharsozlik qoidalari, Parij meri Ann Idalgoning ta’kidlashicha, mahalliy bioiqlim dasturining bir qismi sifatida joriy etilmoqda, bu shaharning “harorat ko‘tarilishiga qaramay, kelgusi yillarda ham jozibali va yoqimli” bo‘lib qolishiga imkon beradi.

Parij rasmiylarining qaroriga Herzog & de Meuron tomonidan ishlab chiqilgan “uchburchak” Tour Triangle minorasining qurilishi atrofidagi bahs-munozaralar ham ta’sir qildi. Uni qurilish ishlari o‘n yildan ortiq davom etgan sud jarayonlari va aholining noroziligidan so‘ng 2021-yilda boshlangan edi.

Ishlar yakuniga yetgach, Tour Triangle Eyfel minorasi va Monparnas minorasidan keyin shahardagi uchinchi eng baland bino bo‘ladi.

1977-yildan 2010-yilgacha Parijda shahar binolarining balandligini 37 metrgacha cheklash amaliyoti amalda edi. Bu taqiq Monparnas minorasi qurilgandan so‘ng joriy etilgan. 2010-yilda Parijning o‘sha paytdagi meri Bertran Delanoe shaharda balandligi 180 metr bo‘lgan ofis minoralari va 50 metrlik turar-joy binolarini qurishga ruxsat bergan.

“Bizga endi Triangle va Duo (Parijning 13-okrugida joylashgan hamda balandligi 180 va 125 metr bo‘lgan ikki minoradan iborat Tours Duo majmuasi — tahr.) minoralari kerak emas. Biz Parijni va uning osmonini “betonlashtirishni” to‘xtatishimiz kerak “, — deya izoh berdi “Yashillar” partiyasi boshqaruvi a’zosi Emil Mene.