O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi 2021-yil oktabr oyida Hindiston-Nepal chegarasini noqonuniy kesib o‘tayotganda Bihar shtatida qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan uch nafar opa-singil bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga oldi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Ayollar bilan bog‘liq vaziyat haqida Hindiston ommaviy axborot vositalari xabar berdi. Yaqinda The New Indian sayti bir yildan ko‘proq vaqt davomida ularni ozod qilishga urinayotgan ayollarning katta opasi murojaatini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, ayollar Facebook orqali tanishgan Hindiston fuqarosiga ishongan va Hindistonga ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan. Hindiston nashri ular odam savdosi qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

O‘tgan yilning avgust oyida Arariya shahri sudi O‘zbekiston fuqarolarini aybsiz deb topib, ularni mamlakatdan deportatsiya qilish kerakligi haqida qaror chiqargan, biroq byurokratik to‘siqlar va yurisdiksiyaning murakkabligi tufayli ular hamon hibsda qolmoqda.

Hindistonlik huquq himoyachilari bu holatga aralashib, ayollar sharoiti yomonligidan xavotir bildirishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, opa-singillardan birining qo‘llarida jarohat izlari bor — u o‘z joniga qasd qilishga uringan bo‘lishi mumkin.

Huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, hibsxona ma’muriyati mahbuslarning oila a’zolari bilan muloqot qilishiga ruxsat bermayapti. Ular zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan xavotirlar bor.

“Onam dard chekmoqda. Butun oilam xavotirda. Iltimos, opa-singillarimni uyga qaytaringlar”, — deya murojaat qilgan mahbuslarning opasi Hindiston hukumatiga.

O‘zbekiston elchixonasi xabarida shunday deyiladi: “Afsus bilan qayd etish joizki, fuqarolarimiz yoki ularning yaqinlari tomonidan o‘z vaqtida ushbu masala yuzasidan tezkor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaat qilinmagan”.

Hozir elchixona Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va Bihar shtatining tegishli idoralari bilan muzokaralar olib bormoqda. “Vaziyat nazoratga olinib, fuqarolarimizni uylariga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Elchixona vatandoshlarni “Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo‘lib turish chog‘ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish”ga chaqirdi.