17-iyunga o‘tar kechasi Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi IIB vaqtincha saqlash hibsxonasidagi shaxs o‘z joniga qasd qilishga urindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

23 yoshli S.A. choyshab bilan kamera panjarasiga o‘zini osmoqchi bo‘lgan. Uni kameradoshlari qutqarib qolgan.
Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bekobod shahri prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.