20-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisida caylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish, prezident saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar hamda prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiya qilishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda Saylov kodeksiga binoan muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.

Unga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 28-iyun kuni boshlanib 2023-yil 5-iyul kuni yakunlanishi belgilandi va saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar davom etishi qayd etib o‘tildi.

Shuningdek, Prezident saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlarmuhokama qilindi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalarining bu yo‘nalishdagi qator vazifalari belgilab berildi hamda tegishli qaror qabul qilindi.

Muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotdan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSKning qarori bilan 39 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan qabul qilingan qarorga muvofiq 300 nafar mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiya qilindi. Umumiy hisobda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining soni 854 nafarni tashkil etmoqda.