2023/2024 o‘quv yili uchun abituriyentlarni bakalavriat bosqichiga onlayn ro‘yxatga olish boshlandi, deb xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.

Jarayon 20-iyun kuni my.uzbmb.uz sayti orqali kunning ikkinchi yarmida boshlanadi. Jarayon 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham) amalga oshiriladi.

Ayni vaqtda 2023/2024 o‘quv yili uchun maqsadli qabul parametrlari va qabul parametrlarining tillar kesimidagi taqsimotini my.uzbmb.uz saytiga joylashtirish ishlari yakunlanmoqda, deyiladi xabarda.

Abituriyentlar mazkur saytning “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul” bo‘limi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga onlayn ro‘yxatga olish esa 10-iyulgacha (10-iyul kuni ham) amalga oshiriladi.

Belgilangan muddat davomida abituriyentlar o‘z ma’lumotlarini o‘zgartirishlari hamda chet tilidan sertifikatga ega bo‘lsa, sertifikat ma’lumotlarini tizimga kiritishlari mumkin.

Avvalroq prezident farmoyishi bilan 2023/2024 o‘quv yili uchun davlat OTMlariga davlat granti kvotalari tasdiqlangandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2023/2024 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olingan. Pandemiya tufayli jarayon 3 yildan buyon ochiq havoda tashkil etilayotgandi.