Telegram`dagi kanallarda Paxtaobod tumanida 17 yoshli bola chaqmoq urishi oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, voqea 19-iyun kuni tumanning Madaniyat qishlog‘ida sodir bo‘lgan. 2006-yilda tug‘ilgan bola chaqmoq urishi sababli vafot etgan.

Voqea joyida bo‘lgan 47 yoshli Nargiza Usmonovaning “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda aytishicha, holat soat 08:00 atrofida ro‘y bergan.

“Madaniyat qishlog‘idagi „Soybo‘yi“ mahallasida joylashgan fermer xo‘jaligi dalasiga g‘o‘za chopgani borgan edik. Biz uydan chiqayotgan va dalaga borgan vaqtimizda ob-havo yaxshi edi. G‘o‘za chopiq qilayotganimizda birdaniga to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi, shamol va chaqmoq boshlandi. Uyga ketish uchun daladan chiqishga harakat qilayotgan paytimiz oldimizga osmondan alangaga o‘xshagan narsa tushdi. Oldin bunday holatlar haqida eshitgandim, ammo ko‘rmagandim. Buni ko‘rib, qo‘rqib ketdim va yordam so‘rab baqirdim. Bizdan pastroqda dala suvchisi ishlayotgan ekan. U va yana ko‘plab odamlar keldi. Qizimni va bolani fermerimiz mashinasida tuman shifoxonasiga olib bordik”, — dedi u.

Uning aytishicha, voqea joyida 3 kishi: ayolning o‘zi, uning 2008-yilda tug‘ilgan qizi hamda 17 yashar bola bo‘lgan.

“Vafot etgan bola bilan tanish edik, bir-birimizga dala ishlarida yordamlashib turardik, g‘o‘za chopiqqa yordam berishi uchun chaqirgandim. U shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi”, — dedi ayol.

Nargiza Usmonova qizining ayni paytdagi holati haqida gapirarkan: “Kecha tuman shifoxonasida edik. Bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyati filialiga olib kelishdi. Qizimning orqalari biroz kuygan, u shok holatida. Shifokorlar nazoratidamiz”, — dedi.

SSBning qo‘shimcha qilishicha, qizning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda. Uning boshi, bo‘yni, tanasi va oyoqlari turli darajada kuygan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.