“Gazeta.uz” Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini taqdim etadi.

Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish

Ta’lim tizimi islohotlari

“Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni — bilim, ta’lim va tarbiya bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratish siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi”, — deyiladi dasturda. Partiya tomonidan ta’lim sohasida quyidagilar maqsad qilingan.

  • 2030-yilga qadar maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplab, qamrovni 100 foizga yetkazish va bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish;
  • shu maqsadda 7 foizlik stavkada 10 yil muddatga kredit berish uchun imkoniyatlar yaratilib, ishlab chiqarish korxonalarining bog‘cha qurishga sarf etiladigan xarajatlarini soliqlardan to‘la ozod qilish;
  • 2030-yilga qadar qo‘shimcha 2 mingta bog‘cha qurish choralari ko‘riladi. Ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog‘cha, shu jumladan xususiy bog‘cha xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibini joriy etish;
  • bolalarni erta yoshdan boshlab zamonaviy axborot texnologiyalariga o‘rgatish maqsadida har bir bog‘chani kompyuter sinfi bilan ta’minlash yuzasidan zarur ishlar amalga oshirish;
  • bog‘cha va maktablarni filtrlangan ichimlik suv hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan to‘liq ta’minlash;
  • maktabgacha ta’lim muassasalarida oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yish;
  • kelgusi yetti yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rnini yaratgan holda ta’lim sifatini tubdan yaxshilash;
  • bu borada “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturini ishlab chiqib, hayotga joriy etish;
  • xususiy ta’limga qo‘shimcha yengilliklar yaratilib, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida maktablar qurish;
  • boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan to‘liq ta’minlash va buning uchun zarur moliyaviy imkoniyatlar yaratish;
  • chekka hududlarda bepul maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish;
  • 2030-yilgacha barcha tuman va shaharlarda “Iste’dod — Intilish — Istiqbol” nomli ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etish, ularda prezident maktablaridan kam bo‘lmagan sharoitlarni yaratish, bu maktablarda ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun 70 foiz kvota ajratish;
  • kelgusi yetti yilda chet tillarini o‘rgatish uchun barcha maktablarga “til egalari” bo‘lgan o‘qituvchilar jalb qilinib, bu maqsadlarga har yili 200 milliard so‘m mablag‘ ajratish;
  • oliy ta’lim va ilm-fan tizimlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida rivojlantirish;
  • dunyodagi “Top-500”ga kiradigan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim”ni joriy etish asosiy vazifa bo‘ladi;
  • biotexnologiya, sun’iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda iste’dodli yoshlarni eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o‘qishga yuborish bo‘yicha 200 million dollarlik dasturlarni amalga oshirish;
  • kelgusi yetti yilda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga 1 milliard dollar ajratilishi uchun moliyaviy imkoniyatlar yanada kengaytirish;
  • madaniyat, san’at va adabiyot vakillari, ma’naviyat sohasi xodimlari, barcha ziyolilarning mashaqqatli va sharafli mehnatini qadrlash va rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish.

Aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha islohotlar

“Sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, aholini tibbiyot tizimidan rozi qilish, o‘rtacha umrdavomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishgasolamiz”, — deyiladi dasturda.

  • aholi o‘rtasida ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarni barvaqt aniqlash va ular bilan kasallanish ko‘rsatkichlarini keskin kamaytirish;
  • 2030-yilga qadar onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, onkologik, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobarga kamaytirish;
  • sil bilan kasallanish darajasini keskin kamaytirish;
  • jigar sirroziga olib keluvchi “gepatit S” kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolashni yo‘lga qo‘yish;
  • 2030-yilga qadar tibbiyotga budjetdan ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini 2 karra oshirib, uni 6 milliard dollarga yetkazish orqali aholini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan qamrab olish darajasini yanada kengaytirish;
  • kelgusi yildan birlamchi bo‘g‘in orqali eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paketni aholiga bepul taqdim etish;
  • tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasini bepul tarqatish ishlari davom ettiriladi;
  • 350 ming nafar diabet, 1,5 million nafar yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish;
  • har yili yurak nuqsoni bor 5 ming bolani va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming chaqaloqni bepul davolash;
  • Sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq raqamlashtiriladi va tibbiy sug‘urta tizimi joriy qilish;
  • onkologik bemorlar davolanishi va sog‘ayib ketishi uchun zarur sharoitlarni yaratib, ularning odatiy hayotga qaytish;
  • 120 ming nafar onkologik kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish;
  • onkologik bemorlar hayotini saqlab qolish maqsadida o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
  • ehtiyojmand oilalarning onkologik kasalligi bor farzandlarida o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish uchun xarajatlarni to‘liq davlat hisobidan qoplashga zarur moliyaviy resurslar jalb qilish.

Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar

“Ijtimoiy himoya tizimining vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rniniegallashi uchun ko‘mak berishdan iborat bo‘ladi. Shu bois, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tiziminito‘liq qayta ko‘rib chiqamiz va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlarni yangi bosqichga olib chiqamiz”, — deya qayd etilgan nomzod dasturida.

  • har bir mahallada professional ijtimoiy xodimlar faoliyatini va ijtimoiy xizmatlarni manzilli asosda ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • hayotda og‘ir ahvolga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi” yuritish tartibi ishlab chiqish. Bunda, ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dorilarni yetkazish, farzandlarini bog‘cha va maktabga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutiladi.
  • tumanlarda ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari, psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bu sohadagi vaziyatni tubdan o‘zgartish;
  • bolalarni vasiylikka olish tizimi, vasiylarni tanlash mezonlari va monitoring qilish tartibi qayta ko‘rib chiqish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni yaratish;
  • ortopediya, reabilitatsiya, tibbiyot va dori vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zi tanlaydigan, davlat esa pulini to‘lab beradigan tizimni joriy etish;
  • protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni hozirgi 80 milliard so‘mdan 250 milliard so‘mga ko‘paytirish;
  • nogironlikni belgilash bo‘yicha hozirgi tibbiy modeldan ijtimoiy modelga o‘tish uchun zarur choralar ko‘rish. Bunda, ishlash istagidagi nogiron shaxslarga zarur sharoitlar yaratiladi.
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • oilasidagi nogironligi bo‘lgan odamga qarovchi ehtiyojmand insonlarga ish haqi to‘lash tizimini joriy qilish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni biznesga jalb qilib, daromad topishga o‘rgatgan, ularning mahsulotini realizatsiya qilishga ko‘maklashgan tadbirkorlarga imtiyoz va afzalliklar berish tartibi ishlab chiqish;
  • qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmati kengaytirish;
  • zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Call-markazlar”ni tashkil qilish;
  • tug‘uruq ta’tilidagi ayollar uchun onlayn ishlash tizimini joriy etish yuzasidan barcha huquqiy asoslar yaratish;
  • uch milliondan ortiq nuroniylar har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, shifoxona va sihatgohlarda davolanishi, ular uchun mamlakat bo‘ylab sayohatlar tashkil etilishi bo‘yicha barcha sharoitlar yaratish;
  • keksalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalarni qo‘shimcha uskunalar bilan ta’minlash;
  • “Uch avlod uchrashuvlari”, “Otalar jasorati — ibrat namunasi”, “O‘nta yoshga — bir nuroniy” harakati kabi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yanada kengaytirish;
  • mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirish;
  • mehnat qobiliyatini ishga solish orqali 3 million nafar yoshlarni kambag‘allikdan chiqarish;
  • ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlar kambag‘al aholi bilan birga daromadi past bo‘lgan qatlamlarni ham qamrab oladigan tizimni yaratish;
  • tadbirkorlarga ijtimoiy sheriklik asosida kambag‘al toifa uchun bandlik dasturlarini amalga oshirishda qo‘shimcha imtiyoz va rag‘batlar berish tartibini ishlab chiqib, bunga har yili kamida 1 milliard dollar yo‘naltirish;
  • har bir oila o‘z uy-joyiga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratish;
  • kelgusi yetti yilda 15 milliard dollar hajmidagi mablag‘ni yo‘naltirish hisobiga qo‘shimcha 1 million xonadonli uy-joylar qurish;
  • qurilish-pudrat tashkilotlari hamda aholiga arzon va uzoq muddatli kreditlar taqdim etish tartibi ishlab chiqi.

Barqaror iqtisodiy o‘sish — aholi farovonligini ta’minlashning muhim omili

“2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 2 barobar ko‘paytirib, 160 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirish asosiy strategik maqsadlarimizdan biri bo‘ladi. O‘zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, — deyiladi dasturda. Bu uchun quyidagilar maqsad qilingan:

  • ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish va bu orqali mehnat unumdorligini 2 barobar oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Kelgusi yillarda:
— Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi;
— Ohangaron misni qayta ishlash klasteri;
— Navoiy, Qo‘ng‘irot va Qorako‘lda yirik kimyo-polimer klasterlari;
— Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor
mahsulot ishlab chiqarish korxonasi;
— Tebinbuloq va G‘allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari kabi strategik megaloyihalarni ishga tushirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy ishlar olib boriladi.

  • 2030-yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarishni 3,5 barobar, oltinni — 1,5 karra, kumushni — 3 marta, uranni 3 barobar oshirish bo‘yicha imkoniyatlarimizni safarbar etiladi.
  • Avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘lishi uchun 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalarini ishga tushirish va ishlab chiqarish hajmini yiliga 1 million donaga yetkazish asosiy vazifa bo‘ladi. Bunda, yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqarilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
  • sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi 20 milliard dollardan 45 milliard dollarga yetkazilishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
  • Ikkinchidan, tashqi bozorlarga chiqish xarajatlari yuqori ekanini inobatga olib, ilmga asoslangan, yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytiriladi.
  • Tashqi bozorlarga chiqish uchun Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish muhim maqsadlardan biri bo‘lib qoladi.
  • Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 1 milliard dollar ajratish orqali mamlakatda yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yangi bosqichga olib chiqiladi.
  • 2030-yilga qadar:
    — 50 ta nufuzli xorijiy brendlar bilan maxsus eksport zonalarini tashkil qilish;
    — tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida bino berish maqsadida sanoat ipotekasi tizimini to‘liq
    yo‘lga qo‘yish;
    — har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalarini tashkil etish;
    — “ay-ti” xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga olib chiqish;
    — eksport hajmini 2 barobar oshirib, 45 milliard dollarga yetkazish ustuvor vazifa bo‘ladi.
  • butun dunyoda tez rivojlanayotgan “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytiramiz.
  • 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini 25 ming megavattga, ularning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizga yetkazishga alohida ahamiyat beriladi.
  • 2024-yildan boshlab sanoatda “yashil sertifikat”lar bozori yaratiladi.
  • Avtobuslarni to‘liq ekologik toza elektr yoki gaz yoqilg‘isiga o‘tkazish uchun barcha tashkiliy masalalar hal etiladi.
  • Barcha yangi uylar va asbob-uskunalarga energiyani tejash bo‘yicha talablar joriy etiladi.
  • Iqtisodiyotda energiya samaradorligini 2 karra oshirib, 2030-yilga borib 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Bunda, 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilib, aniq dasturlar asosida amalga oshiriladi.
  • biznes va aholi ehtiyojidan kelib chiqib, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy qilamiz.
  • Yo‘l-transport sohasida aviaqatnovlar sonini 4 marta oshirish sohadagi asosiy vazifalardan biri
    bo‘ladi.
  • Toshkent-Samarqand, Navoiy-Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun qo‘shimcha temir yo‘llar qurilishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar qilinadi.
  • Elektrlashgan temir yo‘llar ulushini 43 foizdan 65 foizga yetkazish ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan manfaat keltiradi.
  • Temir yo‘l sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi, xizmatlar sifati raqobatbardosh narxlar asosida belgilanishi sohada erkin bozor tamoyillariga o‘tishning muhim omilidir.
  • Yirik 6 ta aeroport modernizatsiya qilinishi, xususiy aviakompaniyalar soni 10 taga yetkazilishi bu sohada raqobatni oshirib, yo‘lovchilarga qulayliklar yaratadi.
  • 2030-yilga qadar tuman markazlaridan har bir qishloqqacha — jami 5,5 ming kilometr sementbeton yo‘llarni qurish va jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olish choralari ko‘riladi.
  • Toshkent-Samarqand va Toshkent-Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarida yangi avtomobil yo‘llarini qurishga davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy qilinadi.
  • xususiy sektor ishtirokida 56 ming kilometr yo‘llarni rekonstruksiya qilish dasturlarini ishlab chiqib, amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
  • yo‘lovchi va yuk tashish hajmini 3 barobar ko‘paytirish sohadagi eng asosiy vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
  • 2030-yilga qadar barcha aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muhim hayotiy masaladir. Buning uchun 2,5 milliard dollar ajratish bo‘yicha barcha moliyaviy imkoniyatlar safarbar etiladi.
  • Qishloq va ovullarni internet bilan to‘liq qamrab olib, uning tezligini 10 karra oshirish yuzasidan imkoniyatlar ishga solinadi.
  • mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirib, iqtisodiyotimizga investitsiyalarni keng jalb etish, shuningdek, bank tizimini isloh qilish eng asosiy vazifalardan biri bo‘ladi.
  • 2030-yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalar, shu jumladan, 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobiga, 40 milliard dollarni davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish bo‘yicha barcha imkoniyatlar safarbar etiladi.
  • bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini hozirgi 18 milliard dollardan 40 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq dasturlar amalga oshiriladi.
  • bank tizimi islohotlari doirasida bank omonatlari hajmini 4 barobarga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratiladi va banklarni xususiylashtirish tezlashtiriladi.
  • bank bozoriga yana kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banki kirib kelishi hamda nobank moliyaviy xizmatlarini kengaytirish uchun imkoniyat yaratiladi.
  • qimmatli qog‘ozlar bozori hajmini 10 milliard dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.
  • xususiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini tashkil etish uchun barcha qonuniy asoslar yaratiladi.
  • xususiy sektor ulushini oshirishni, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish bo‘yicha ishlarni davom ettiriladi.
  • temir yo‘l xizmatlari, avtomobil yo‘llari qurish va boshqarish, gaz va elektr yetkazib berishni xususiy sektorga o‘tkazish orqali raqobat muhiti yaratiladi.
  • irrigatsiya, chiqindini qayta ishlash, ijtimoiy obyektlarda energetika va issiqlik ta’minoti tizimini boshqarishga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari keng joriy etiladi.
  • xususiylashtirish dasturi doirasida davlat ulushi mavjud korxonalarni 6 barobarga kamaytirish bo‘yicha rejali ishlar amalga oshiriladi.
  • 17 turdagi davlat monopoliyasi bekor qilinib, ularga xususiy sektor keng jalb etiladi.
  • kelgusida faqat magistral energiya va transport tarmoqlari, davlat boshqaruvi va xavfsizligi bilan bog‘liq sohalar davlat tasarrufida qoladi.
  • 2030-yilga qadar iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish asosiy maqsad bo‘ladi.
  • biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun eng qulay sharoitlar yaratishni bundan buyon ham davom ettiriladi.
  • rasmiy sektor — nolegal faoliyatdan afzal va manfaatli bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
  • soliq tizimini soddalashtirish va barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
  • kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar oshirilmasligi qat’iy kafolatlanadi.
  • 2024-yildan boshlab, yangi uy-joy sotib olgan aholiga qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi qaytarib beriladigan tizim joriy etiladi. Qurilishdagi hisob-kitoblar shaffof bo‘lishi ta’minlanadi.
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizini qaytarish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ularni yanada rivojlantirishda kuchli rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.
  • ijtimoiy reyestrga kiritilgan aholini ishga olgan korxonalarga xodimining daromad solig‘ini qaytarib berish bunday toifadagi shaxslarning daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
  • Vaqtida soliq to‘layotgan korxonalarda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddati bir kun etib belgilanadi. Bunday korxonalarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi va ularga davlat xaridlarida ustunlik beriladi.
  • “Ochiq muloqot”lar orqali biznes muammolarini hal qilish, biznesga noqonuniy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik va xususiy mulk daxlsizligi siyosati qat’iy davom ettiriladi.
  • 2030-yilgacha qishloq xo‘jaligida bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 3 ming dollardan 5 ming dollarga yetkazish sohadagi bosh maqsad bo‘ladi.
  • hosildorlikni paxta bo‘yicha o‘rtacha 45−50 sentnerga, g‘alla bo‘yicha — 80−85 sentnerga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
  • qo‘shimcha 300 ming gektar maydonlarni o‘zlashtirib, ularda intensiv bog‘ va uzumzorlar tashkil etish rejalashtiriladi.
  • sabzavot, poliz, kartoshka bo‘yicha mahalliy urug‘lik ta’minoti hozirgi 15 foizdan 50 foizga yetkazish borasidagi mavjud imkoniyatlar ishga solinadi.
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hajmini hozirgi 8 foizdan 25 foizga oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaraymiz.
  • agrotarmoqda 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta yangi logistika markazini ishga tushirish choralari ko‘riladi.
  • sohada eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.
  • qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga mos holda rivojlantirish, tuproq va yaylovlar degradatsiyasining oldini olish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilinadi.
  • agrar sohaga jami 15 milliard dollar investitsiyalar jalb etish ushbu yo‘nalishni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish

“Suv resurslari muammosi kelgusi o‘n yillikda mintaqamiz va mamlakatimiz uchun eng dolzarbmasala bo‘lib qoladi. Bugungi kunda 70 foiz yerlar eski usulda sug‘orilmoqda, 60 foiz kanallar betonlanmaganligi oqibatida yiliga 16 milliard metr kub suv yo‘qotilmoqda. Shu sababli, sug‘orishda suvtejaydigan texnologiyalarni joriy qilish ishlarini jadallashtiramiz”, — deyiladi dasturda.

  • 2030-yilga qadar ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazish hayotiy zaruratga aylanmoqda.
  • dalalarga suv yetkazadigan obyektlar fermer va klasterlar boshqaruviga berilib, suv yetkazish tizimiga rivojlangan davlatlar tajribasi keng joriy qilinadi.
  • suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan fermer va dehqonlar yanada rag‘batlantiriladi. Bu borada 10 foizlik kredit ajratish, o‘z hisobidan joriy qilgan yer egalariga esa xarajatning 50 foizini qoplab berish tartibini joriy etish bo‘yicha ishlar jadallashtiriladi.
  • “Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada kengaytiramiz. Yashil maydonlarni ko‘paytirish uchun yiliga 400 milliard so‘m ajratib borilishi aholi maskanlari, umuman, mahallalarda ekologik muhitni yaxshilaydi.
  • davlat idoralari, korxonalar, oliygohlar ham o‘zining yashil bog‘larini tashkil qilishi zarur.
  • yangi uy-joy qurishda pudratchilarga “yashil hudud” va avtoturargoh barpo etish majburiy talab qilib qo‘yiladi.
  • 2030-yilgacha respublikada ko‘kalamzorlashtirish darajasini 18 foizdan 30 foizga yetkazish aholini qulay ekologik muhitda yashashi uchun sharoit yaratadi.
  • Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni kelgusi yetti yilda 2,3 million gektarga yetkazish bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
  • Toshkent shahrida amal qilayotgan boshqaruv kompaniyalari faoliyatini boshqa hududlarda ham joriy etish maqsadga muvofiq.
  • barcha qishloq va shaharlarni qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish, ularni qayta ishlashni esa kamida 65 foizga yetkazish atrof-muhit tozaligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
  • muayyan hududga yangi hokim tayinlanganda, o‘sha yerda ekologik audit o‘tkazish, natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsa, hudud aholisi hokim oldiga suv va havo tozaligi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi bo‘yicha aniq masala qo‘ya oladigan tizim yaratiladi.

Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvinitashkil etish

Davlat boshqaruvi

  • raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish prinsipini hayotga jadal olib kiriladi;
  • davlat xizmatlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, davlat boshqaruvida mavjud bo‘lgan minglab funksiyalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish aholi uchun yangi qulayliklarni yaratadi;
  • fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat qilishida arizani yozish, turli shakllarni to‘ldirish kabi ortiqcha formal tartiblar bekor qilinib, davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron bazadan o‘zi oladigan tizim yaratiladi;
  • har bir mahallada elektron xizmat nuqtalari ishga tushirilib, mahallalar barcha masalalarni “bir qadam” tamoyili asosida hal etadigan maskanga aylantiriladi;
  • davlat fuqarolik xizmati tizimini raqamlashtirish ishlarini jadallashtirishga alohida ahamiyat beriladi;
  • ma’muriy islohotlarning yangi bosqichida joylardagi boshqaruvni o‘zgartirib, mahalliy kengashni xalqning chinakam ovoziga aylantiramiz;
  • hokimning Kengashga rahbarlik vakolati bekor qilinishi, ularning Kengash oldida, xalq oldida hisobdor bo‘lishini, mas’uliyati va javobgarligi oshishini ta’minlaydi;
  • mahalliy kengash deputatlar korpusini shakllantirish tartib-taomillari qayta ko‘rib chiqiladi;
  • hokim va mahalliy kengashning javobgarlik doirasi va aniq vazifalari belgilangan holda ular faoliyatida jamoatchilik ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi;
  • aholi farovonligini ta’minlashda mahallani jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantirishga alohida e’tibor qaratamiz;
  • mol-mulk va yer soliqlari mahallada qolishi hisobiga, mahalla budjetida yiliga 3 trillion so‘m mablag‘ paydo bo‘ladi;
  • kelgusi yillarda “Ochiq budjet”ga beriladigan mablag‘ni 3 karra oshirib, 24 trillion so‘mga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjud;
  • mahalla raislarining vakolat muddatini 3 yildan 5 yilga uzaytirish bo‘yicha qonuniy asoslar yaratiladi;
  • ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlanadi;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarini yanada qo‘llab-quvvatlab, ular uchun barcha sharoitlar yaratiladi;
  • siyosiy partiyalar rolini oshirish, ular o‘z kuchi va imkoniyatlarini amalda to‘la namoyon etishi uchun aralash, ya’ni majoritar — proporsional saylov tizimi joriy etiladi.

Sud-huquq tizimi islohotlari

“Qonun ustuvorligi, sud mustaqilligini oshirish va adolatni ta’minlashni ustuvor vazifa deb hisoblaymiz. Yangi O‘zbekistonda fuqaro va biznesning himoyachisi faqat qonun va sud bo‘lishiga erishamiz”, — deyiladi dasturning ushbu bo‘limi xatboshisida.

  • davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatib, odil sudlovga erishish darajasini oshirish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etiladi;
  • tergovda shaxs huquqini cheklashga sanksiya berish masalasi alohida sudyalar tomonidan ko‘rib chiqilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • odamlarni “qamoqqa olib tergov qilish” amaliyoti kamaytiriladi, buning o‘rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu masalada ayblanuvchi yoki himoyachi tomonidan sudlarga ehtiyot chorasini o‘zgartirish yuzasidan murojaat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi;
  • Qamoqdagi shaxslardan olingan “aybni bo‘yniga olish” haqidagi ariza dalil sifatida qabul qilinmasligi ta’minlanadi;
  • jinoyat ishi qo‘zg‘atish va jazo berish bo‘yicha yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqiladi;
  • jabrlanuvchining iltimosiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atmasdan ham yarashish imkoniyati yaratiladi;
  • jinoyat sodir qilgan shaxslar kelgusida tuzalish yo‘liga o‘tishi uchun muqobil jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari kengaytiriladi;
  • tadbirkorlar uchun jinoiy javobgarlikka oid qonunchilikni yanada liberallashtiramiz;
  • soliqqa oid jinoyatlar bo‘yicha tadbirkor sud hukmi chiqqunga qadar zararni qoplasa, javobgarlikdan ozod etish tartibi joriy etiladi;
  • tergov-sud jarayonida tadbirkorni himoya qilishga Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasini jalb etishga oid yangi tartib o‘rnatiladi.

Yangi O‘zbekiston — xavfsiz va tinchliksevar davlat

Tashqi siyosat

“Biz ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishni davom ettiramiz. Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini faqat xalqimiz va davlatimizning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda olib boramiz”, — deyiladi dasturda. Bunda:

  • O‘zbekistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi tashabbuslari xalqaro maydonda faol ilgari suriladi;
  • qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlantiriladi;
  • Markaziy Osiyoda turli yo‘nalishlar, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqiladi;
  • xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, ularning yurtimiz taraqqiyotida faol ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib beramiz;
  • xorijdagi vatandoshlarimiz orasida ona tili, milliy madaniyat va an’analarni targ‘ib etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘riladi;
  • vatandoshlarga dunyoning istalgan nuqtasidan mamlakatimizdagi davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyati yaratiladi;
  • tashqi mehnat migratsiyasi tizimini to‘liq isloh qilib, xorijga ishlash uchun borayotgan aholimizni kasbga va chet tillariga o‘qitish ko‘lami kengaytiriladi;
  • xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimiz Yevropa va Osiyoning yuqori haq to‘lanadigan mamlakatlariga ishga borishlari uchun davlat tomonidan ko‘mak berish tartibi joriy etiladi;
  • murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarga huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatish ko‘lami kengaytiriladi.
  • mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari davlat, xalqning doimiy g‘amxo‘rligida bo‘ladi, ularning farzandlari o‘qishi va oliygohlarga kirishida ham yengilliklar beriladi.

Xavfsizlikni ta’minlash masalalari

“Jahonda sodir bo‘layotgan murakkab jarayonlar sharoitida bizning bosh maqsadimiz — O‘zbekistonning davlat mustaqilligi, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ladi”, — deyiladi bo‘lim avvalida.

  • Qurolli Kuchlarning qudrati, mudofaa qobiliyatimiz va harbiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida milliy armiyani 2030-yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlanadi;
  • qo‘shinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida boshlangan ishlar jadal davom ettiriladi;
  • harbiy-jangovar qudrat va yuksak ma’naviy salohiyatni O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylantiriladi;
  • harbiy xizmatchilarni, maktab, texnikum va oliygohlarda o‘qiyotgan bolalarni, barcha yoshlarni tarix va ma’rifatparvar ajdodlar merosi asosida tarbiyalash uchun zarur sharoitlar yaratiladi;
  • yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyasi atrofida birlashtirish bo‘yicha alohida dastur asosida ish olib boriladi;
  • davlat ramzlari, xususan, bayroq xonadonlarda ham hilpirab turishi uchun zarur huquqiy asoslar yaratilib, milliy g‘urur timsoliga aylantiriladi.

“Men, olijanob, buyuk xalqimiz bilan birga yurtimizda erkin va farovon hayot, inson qadri baland bo‘lgan yangi davlat, yangi jamiyatni barpo etishga qattiq bel bog‘laganman. Bu yuksak mas’uliyatli vazifani ado etish yo‘lida o‘zimning bor kuch g‘ayratim, bilim va tajribamni, kerak bo‘lsa, butun borlig‘imni bag‘ishlashga tayyorman. El-yurtimizga farzandlik sadoqati bilan xizmat qilishdek buyuk e’tiqod doimo hayotimning ma’nomazmuni bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan davlat siyosatimizga, islohotlarimizga katta ishonch bildirib, meni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ona xalqimga chin dildan ta’zim qilaman. Oldimizda turgan keng ko‘lamli, g‘oyat serqirra va mas’uliyatli vazifalarni ado etishda bizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin”, — deyiladi nomzodning dasturi yakunida.