18-iyun, yakshanba kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida yuk tashuvchi liftning nosozlik tufayli tezlashib ketishi oqibatida 11 kishi jabrlandi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Voqea “Yangi Darxon” mahallasi Navro‘z ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda soat 16:15 atrofida sodir bo‘lgan.

Lift yuqoridan pastga tushayotgan vaqtida texnik nosozlik tufayli tezlashdi, deyiladi xabarda. Birinchi qavatga yaqinlashganda uning avtomatik tormoz tizimi ishga tushib, to‘xtagan.

Jabrlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan. 8 nafar fuqaroga uyiga javob berilgan, qolgan 3 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hodisa sabablari aniqlanmoqda.