19-iyun kuni soat 17:00 ga qadar Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuchli shamol tufayli bir necha o‘n minglab xonadonlar elektr uzatish tarmog‘idan uzildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Jumladan, Buxoro viloyatining Shofirkon, Peshko‘ va G‘ijduvon tumanlarida 6 ming, Navoiy viloyatining Nurota, Navbahor, Konimex va Karmana tumanlarida 23 560 iste’molchi elektr ta’minotidan uzildi.

Keyinroq vazirlik soat 18:00 ga kelib kuchli shamol oqibatida Samarqand viloyatining Paxtachi va Qo‘shrabot tumanlarida ham 9 ming xonadon elektr ta’minotisiz qolganini ma’lum qildi.

Oqibatda tumanlardagi jami 9 ming xonadon elektr energiyasisiz qolgan.

“Hududda kuchli shamol esishi pasaygandan so‘ng elektr ta’minoti qayta tiklanadi”, — deya qo‘shimcha qildi Energetika vazirligi.

Oxirgi kunlarda O‘zbekistonning turli hududlarida kuchli chang bo‘ronlari va chang bulutlari kuzatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulkan chang bulutlari qishloqlar va yo‘llarga yaqinlashib kelayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda.

Video

https://t.me/uzb_meteo/12392

2021-yilda “Gazeta.uz” chang bo‘ronlari qanday sodir bo‘lishi, ular nima uchun xavfli ekanligi va ular xavfining oldini olish uchun rasmiylar nima qilishi kerakligi haqidagi materialni e’lon qilgan edi.