Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi Qoradaryoda oqib ketgan 12 yashar S.A.ning jasadi qidirilmoqda. Bu haqda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 2023-yil 13-iyun kuni Oltinko‘l tumani Andijon MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryoga shu mahallada yashagan 13 yashar T.N. va 12 yashar S.A. oqib ketgan. 14-iyun kuni T.N.ning jasadi topilgan.

Foto: Durdona Nurmatova

Suvda oqib ketgan S.A. yaqinlarining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, holat 13-iyun kuni soat 15:00 da ro‘y bergan.

“Bolalarning uyi Qoradaryoga juda yaqin joylashgan. Ular o‘sha kuni baliq tutish va cho‘milish maqsadida daryoga borgan. Ikkisi amakivachcha edi. To‘rda baliq tutishayotgan vaqtida teng oqib ketishgan. 14-iyun kuni soat 09:30 larda T.N.ning jasadini aholini o‘zi qidirib, topdi. Olti kundan beri 30−40 nafar aholi, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi g‘avvoslari bilan S.A.ni qidiryapmiz. Lekin topa olganimiz yo‘q”, — deydi bolalarning yaqin qarindoshlaridan biri Durdona Nurmatova.

Uning aytishicha, aholi viloyat hokimligiga murojaat qilishi ortidan daryo suv sathi bir necha kundan buyon past oqmoqda. Ayni paytda qidiruv ishlari davom etmoqda.

“Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Yong‘in qutqaruv otryadining Suvda qidiruv guruhi tomonidan suv ostida qidiruv ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi viloyat FVB axborotida.