Imzolar yetarli bo‘lmaganligi sababli “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, vazirlikka 15-may kuni partiyani ro‘yxatga olish haqidagi ariza kelib tushgan. “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida 8 ta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 20 ming fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.

Biroq yangi partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarda ushbu partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolarning 10 777 ta imzosi keltirilgan.

Bunda hujjatlarni o‘rganish jarayonida partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgani ma’lum bo‘lgan:

  • siyosiy partiya ta’sis konferensiyasi o‘tkazilgungacha vafot etgan 145 nafar shaxs;
  • 23 nafar voyaga yetmagan shaxs;
  • mahallalarni asfaltlash, kommunikatsiya tizimlarini yangilashga mablag‘ olish maqsadida “Ochiq budjet” loyihasiga ovoz berish uchun deb xato imzo qo‘ygan va keyinchalik ushbu imzolarini qaytarib olgan 3900 nafar shaxs;
  • shaxsga doir ma’lumotlar taqdim etilmagani sababli shaxsi aniqlanmagan 1775 nafar shaxs;
  • imzolari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan elektron shaklda olingan 2257 nafar shaxs;
  • partiya tuzish uchun xohish bildirmagan va hech qanday imzo qo‘ymagan 844 nafar shaxs;
  • sud tartibida muomalaga layoqatsiz deb topilgan 185 nafar shaxs;
  • O‘zbekistonda yashamayotgan 209 nafar shaxs.

Natijada haqiqatda partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirgan fuqarolarning 1439 ta imzosi mavjud ekanligi aniqlangan.

Ariza va taqdim etilgan ta’sis hujjatlarini ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, 15-iyun kuni vazirlik tomonidan “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini qator asoslar bo‘yicha ro‘yxatga olishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Vazirlik siyosiy partiyani ro‘yxatga olishni rad etish ustidan Oliy sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkinligini eslatib o‘tdi.

May oyi oxirida “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasi rahbari Xidirnazar Allaqulov Andijonda kaltaklangan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi. Partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ovozlarni yig‘ish jarayonida bir guruh erkak va ayollar paydo bo‘lib, janjal uyushtirishgan. Andijon viloyat IIB voqea o‘rganilayotganini bildirgan.

Iyun oyi boshida esa Farg‘ona viloyat IIB imzo to‘playotgan partiya rahbari Xidirnazar Allaqulov qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. IIB uning tarafdorlari bilan talablarga bo‘ysunmay, mojaro uyushtirgani, ikki xodimga tan jarohati yetkazganini iddao qilgan. Allaqulov tarafdorlari esa provokatsiya bo‘lganini aytgan.