Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, gender tengligi masalalari bo‘yicha mutaxassis, ayollar huquqlari himoyachisi Kamola Aliyeva.

Mutolaa haqida

Men uchun mutolaa o‘rganish, rivojlanish va dunyoni anglashning qiyosi yo‘q vositasidir.

Men kitoblarni nafaqat zavqu shavqqa to‘lish uchun, balki bilim olish, o‘sish va turli istiqbollarni tushunish uchun ham o‘qiyman. Kitoblar orqali dunyoqarashimni boyitadigan turli madaniyatlar, g‘oyalar va hayotiy hikoyalar bilan tanishaman.

Mutolaa juda katta ahamiyatga ega, chunki u tafakkurimizni faollashtiradi, tasavvurimizni rivojlantirishga, yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga yordam beradi. Jamiyat borgan sari turfa va shiddatli ko‘rinish olayotgan hozirgi davrda juda muhim hisoblangan hamdardlik va hamfikrlik hislarining shakllanishiga ham aynan kitoblar yordam beradi.

Kitoblarni, imkoniyatdan kelib chiqib, turli formatlarda (elektron kitob, audiokitob, bosma) va turli tillarda (o‘zbek, rus va ingliz) o‘qiyman. So‘nggi yillarda ko‘proq ilmiy faoliyatim (“O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash masalalari”) bilan bog‘liq adabiyotlarga vaqt sarfladim. O‘qiganlarim orasida, xususan, Twitter’dagi faol ayollar tomonidan tashkil etilgan “BookClubUz” tomonidan tavsiya qilingan kitoblar ham bor.

So‘nggi o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Djenni Nordberg. “Подпольные девочки Кабула. История афганок, которые живут в мужском обличье”. “Bombora” nashriyoti. 2023-yil. 496 sahifa

kamola aliyeva, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Afg‘onistondagi ayollar, ayniqsa, huquq va erkinliklari qat’iy cheklangan jamiyatda yashab qolish uchun o‘zining haqiqiy jinsini yashirishga majbur bo‘layotgan qizlar hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi chuqur va ta’sirli tadqiqot. Kitob qizlarni balog‘atga yetguniga qadar o‘g‘il boladek tarbiyalab, o‘g‘il boladek ko‘rsatuvchi “bacha-po‘sh” amaliyoti haqida hikoya qiladi. Ushbu an’anaviy urf-odat Afg‘onistonda chuqur ildiz otgan, mamlakat xotin-qizlari har kuni to‘qnash keladigan gender tengsizligi va adolatsizliklarini o‘zida ifoda etadi.

Muallif o‘ziga xos ta’sirchanlik va hurmat bilan bu xotin-qizlarning haqiqiy turmushini ko‘rsatib beruvchi eshikni ochadi va mushtariylarni ularning yashash uchun kurash jarayoni bilan tanishishga taklif qiladi. Bu ayollar huquqlari va gender muammolariga qiziquvchi barcha uchun, shuningdek, tenglik va adolat yo‘lidagi kurashda o‘z rolini tushunmoqchi va kuchaytirmoqchi bo‘lganlar uchun muhim asar, deb hisoblayman.

Margaret Etvud. “Рассказ служанки”. “Eksmo-press” nashriyoti. 2017-yil. 352 sahifa

kamola aliyeva, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Jinslararo tenglik va tanlov erkinligiga doir muhim masalalarni olg‘a surgan qiziqarli va aqlli roman. Asar markaziga ayollar tahqirlash, ezish obyektiga aylangan, asosiy huquq va erkinliklaridan mahrum qilingan distopik jamiyat olib chiqilgan. Margaret Etvud mahorat va o‘ziga xos ehtiyotkorlik bilan o‘quvchini erkinlik va teng huquqlilikning qadri haqida o‘ylashga majbur qiluvchi olam haqida yozadi. Ayni vaqtda, “Xizmatkor ayol hikoyasi"ni to‘lig‘icha totalitor g‘oyaga bo‘ysundirilgan jamiyat qanday ko‘rinish olishi mumkinligi haqidagi tadqiqot ham deyish mumkin.

Men bu kitobni ayniqsa e’tiborga molik deb hisoblayman. U har bir insonning huquq va erkinliklari himoyasi muhim ekani va ularni taqdirning tuhfasidek qabul qilmaslik lozimligini eslatib turadi. Bu asar bizni ijtimoiy hayot hamda tenglik va adolat uchun kurashning faol ishtirokchisi bo‘lishga chaqiruvchi adabiyotning kuchli bir namunasidir.

Daniel J. Siegel, Tina Payne Bryson. “The Whole-Brain Child: 12 Revolutionary Strategies to Nurture Your Child’s Developing Mind”. Delacorte Press nashriyoti. 2011-yil. 192 sahifa

kamola aliyeva, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Ushbu kitob ota-onalar va tarbiyachilarga bolalar miyasini yaxshiroq tushunishga yordam beradi hamda farzandlarni sog‘lom, muvozanatli va baxtli qilib voyaga yetkazishda foydali bo‘ladigan strategiyalar bilan tanishtiradi.

Mualliflar miyaning rivojlanishi mavzusiga so‘nggi ilmiy tadqiqotlardan kelib chiqib yondashadi, o‘z navbatida, xulosalarini oddiy va tushunarli tilda yetkazadi. Kitobda kundalik hayotda oson tatbiq etish mumkin bo‘lgan 12 inqilobiy strategiya taklif qilinadi — bu strategiyalar bolalarga o‘z hissiyotlarini boshqarish va muammolarni samarali hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.

Ushbu kitob men uchun shunisi bilan qadrliki, u bolalarning ruhiy salomatligi haqida qayg‘urish va ularning rivojlanishini eng erta yoshdan boshlab qo‘llab-quvvatlash muhimligini alohida qayd etadi. Bu O‘zbekistonda ta’lim va tarbiya sharoitlarini yaxshilash ishlari olib borilayotgan bir vaqtda ayniqsa dolzarb. Umuman, bolalar rivoji va farovonligiga befarq bo‘lmagan hamma uchun foydali manba.

Kerolayn Kriado Peres. “Невидимые женщины: Почему мы живем в мире, удобном только для мужчин. Неравноправие, основанное на данных”. “Alpina Pablisher” nashriyoti. 2020-yil. 550 sahifa

kamola aliyeva, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Kerolayn Kriado Peresning mazkur asarini bugungi jamiyatda gender tengsizlik qanchalar chuqur ildiz otganini zo‘r tushuntirib beruvchi manba, degan bo‘lardim.

Muallif izchil tadqiqot asosida dunyoning dizayni — texnologiyalardan tortib to shahar infratuzilmalarigacha barchasi — ayollarning ehtiyojlari va manfaatlari e’tiborga olinmagani holda, odatda erkaklarga qulay va moslashtirilganini ko‘rsatib bergan. U faqat erkaklarning emas, balki barcha odamlarning ehtiyojlarini inobatga olinishi uchun loyihalashtirish va qaror qabul qilish bosqichida to‘laqonli va har tomonlama o‘rganilgan ma’lumotlardan foydalanish muhimligiga e’tiborni qaratadi.

Gender tengsizliklari nafaqat madaniy jihatdan singib ketgan bo‘lishi, balki jamiyatga tuzilmaviy “o‘rnatilishi” ham mumkinligini tushuntirishi nuqtai nazaridan mazkur kitobni muhim manba deb hisoblayman. “Ko‘rinmas ayollar” harakatga undaydi, u siyosat, qonun va standartlarni ishlab chiqishda barcha odamlarning ehtiyojlarini tan olish va hisobga olish zarurligini uqtiradi.

Jorj Oruell. “Molxona”. Asaxiy Books nashriyoti. 2019-yil. 100 sahifa

kamola aliyeva, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Yaqinda Jorj Oruellning “Molxona"sini yana bir bor qayta o‘qib chiqdim. Bu — hokimiyat, korrupsiya va ijtimoiy adolatga doir muhim masalalarni ilgari suruvchi siyosiy satiraning mumtoz namunasidir. Bir qarashda u hayvonlarning o‘z egasiga qarshi isyoni haqidagi oddiy hikoyadek ko‘rinadi, ammo voqealar rivojlanavergani sayin asarning ma’no-mazmuni aslida chuqurroq ekanini anglaysan kishi.

Oruell avtoritarizm va ijtimoiy adolatsizlik mavzularini tadqiq etish yo‘lida qochirim va kinoyalardan mohirlik bilan foydalanadi va hokimiyatning tabiati, u qanday qilib suiiste’mol qilinishi mumkinligi haqidagi chuqur mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi.

“Molxona” tenglik va demokratiya uchun kurash muntazam bo‘lishi kerakligiga alohida urg‘u berib, hokimiyatni suiiiste’mol qilish holatlariga har birimiz hushyor bo‘lishimiz kerakligini uqtiradi. “Molxona” — jamiyat hayotida faol ishtirok etish va asosiy huquqlarimizni himoya qilish muhimligi haqida mushohada yuritishga chaqiruvchi ta’sirli va kuchli kitobdir.

Yoshlarga tavsiyalar

Yosh avlod o‘qishi qat’iy tavsiya etiladigan kitoblar ro‘yxatini tuzish men uchun ancha-muncha qiyin bo‘ldi. Chunki men kitoblarni har kim o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib tanlashi kerak, deb hisoblayman.

Quyida men o‘zim uchun ayniqsa qadrli bo‘lgan kitoblar ro‘yxati bilan bo‘lishmoqdaman:

  • Pirimqul Qodirov. “Yulduzli tunlar”;
  • Pirimqul Qodirov. “Humoyun va Akbar”;
  • Abdulhamid Cho‘lpon. “Kecha va kunduz” (sotib olish);
  • Djenni Nordberg. “Подпольные девочки Кабула. История афганок, которые живут в мужском обличье”;
  • Jorj Oruell. “1984” (sotib olish);
  • Jorj Oruell. “Molxona”;
  • Kerolayn Kriado Peres. “Невидимые женщины: Почему мы живем в мире, удобном только для мужчин. Неравноправие, основанное на данных”;
  • Jon Boyn. “Yo‘l-yo‘l poyjoma kiygan bolakay” (sotib olish);
  • Aleksandr Dyuma. “Graf Monte Kristo” (sotib olish);
  • Oskar Uayld. “Dorian Grey portreti” (sotib olish).