Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida fermer xo‘jaligi rahbari jami 620 gektar yerni 400 ming dollarga mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘ldi.

DXX xabariga ko‘ra, u sotmoqchi bo‘lgan yer o‘zining fermer xo‘jaligiga tegishli, qolgan qismi esa o‘ziga aloqasi bo‘lmagan 3 ta fermer xo‘jaligi maydoni bo‘lgan. U kelishilgan pulning oldindan 200 ming dollarini o‘z qarindoshi orqali olgan vaqtida DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

DXX Samarqand viloyatida ham yer maydonini noqonuniy sotgan fuqarolarni aniqladi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqdaryo tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalikning 1,5 gektar yer maydonini issiqxona tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqaroga 120 ming dollarga sotishga kelishgan. Buning uchun oldindan 60 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Boshqa holatda esa Urgut Savdo Kompleksi MCHJda ishlovchi shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, unga mazkur savdo kompleksi hududidan 60 kvadrat metr yer maydoni olib berish uchun 40 ming dollar talab qilgan. Oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Namanganda kuzatilgan holatda esa viloyat kichik sanoat zonalarini boshqarish va muvofiqlashtirish direksiyasining tumanlardan biridagi mas’ul xodimi o‘zi kichik sanoat zonasining 80 sotix yerini tadbirkorga olib berishni va’da qilgan. Buning uchun fuqarodan 300 mln so‘m olgan vaqtida DXX tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.