Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022-yildagi ijrosi bo‘yicha hisobot Qonunchilik palatasiga budjet kodeksida belgilangan so‘nggi muddatdan ancha kechikib kiritilganini izohladi. Bu bo‘yicha unga Qonunchilik palatasi majlisida deputat Bekmirza Eshmirzayev savol bergandi.

Vazir bu shaxsan uning kamchiligi ekanini aytib, vaziyat transformatsiya va boshqa jarayonlar bilan bog‘liq ekanini, bunday holat boshqa takrorlanmaydi deb o‘ylashini ta’kidladi. Kudbiyev bergan ma’lumotga ko‘ra, Qonunchilik palatasiga hisobot 15 kun kechikib kiritilgan.

“Juda to‘g‘ri aytyapsiz, bu juda katta bir kamchiligimiz. Bu shaxsan mening vazir sifatida katta kamchiligim. O‘ylaymanki, biz tegishli tashkiliy choralarni, tegishli xulosalarni chiqarib oldik. Bundan keyin ham chiqarib olamiz. Endi mana bu transformatsiya jarayonlari, boshqa jarayonlar, endi o‘rganyapmiz, o‘ylaymanki, 15 kunga kech qolib kiritdik. Mana shu 15 kunning, albatta, hisobini to‘g‘ri qo‘yib olamiz. Bu — bizning aybimiz. O‘ylaymanki va umid qilaman, bizda bu ikkinchi qaytarilmaydi”, — dedi Kudbiyev.

Budjet kodeksiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni Hisob palatasining xulosasi bilan birgalikda hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga taqdim etishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil dekabr oyida O‘zbekistonning 2023-yilgi davlat budjeti 15-dekabrga qadar qabul qilinishi kerak bo‘lganiga qaramay, loyiha hanuz jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilmagani va parlamentga kiritilmagani xabar qilingandi. Hukumat bu bilan ketma-ket to‘rtinchi yil muddatlarni buzgandi.