Dastlabki o‘rganishlar jarayonida Click umummilliy to‘lov tashkiloti Uzum kompaniyalar guruhi bilan birlashishi to‘g‘risida rasmiy ravishda bitim tuzilmaganligi ma’lum bo‘ldi, deya xabar berdi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, 13-iyun holatiga Click umummilliy to‘lov tashkiloti ta’sischilari ro‘yxatiga o‘zgarishlar kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 12-iyun kuni Click va Uzum kompaniyalari o‘zaro birlashgani to‘g‘risida qo‘shma bayonot berdi. Moliyachi Otabek Bakirov bitim imzolangani to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirib, bu bo‘yicha mopopoliyaga qarshi kurashuvchi organ roziligi olingan yoki yo‘qligi to‘g‘risida so‘rab, post qoldirdi.

“Uzum guruhining moliyaviy xizmatlar va boshqa raqamli mahsulotlar va agregatlar segmentini kosmik tezlikda egallab borayotgani, Click esa to‘lov tizimi bozorida 11 million foydalanuvchi bilan eng katta o‘yinchi bo‘lgani hisobga olinsa, talabgorlar o‘zlari murojaat qilmagan taqdirda ham Antimonopoliya organi kamida o‘zi mustaqil o‘rganish va tekshirish o‘tkazishi kerak edi”, — degan Otabek Bakirov.

Ma’lumot o‘rnida, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 16−17-moddalariga asosan agar xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoki ulardan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa, shuningdek bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinishi kerak bo‘ladi.