8-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi Namangan viloyati IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi sobiq boshlig‘i Umid Raupovga nisbatan hukm chiqardi. Qaror nusxasi “Gazeta.uz”da mavjud.

Ish materiallariga ko‘ra, 2022-yil 13-oktabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari F.F.ni kuchli ta’sir etuvchi “Tropikamid” va “Regapen” psixotrop dori vositalarini olib o‘tayotgan vaqtida ushlab, Davlatobod tumani IIB huzuridagi tergov izolyatoriga vaqtincha joylashtirishgan. Keyinchalik uning psixotrop dori vositalarini Toshkentga olib ketayotgani aniqlangan.

Qo‘lga olingan shaxsning ishi DXX yurisdiksiyasida bo‘lishiga qaramay, Namangan viloyat IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Umid Raupov, sud qarorida ko‘rsatilganidek, kameraga kirib kelgan va 14-oktabr kuni soat 03:31 dan 03:57 gacha mahbusdan ma’lumot olish uchun “qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy, qadr-qimmatni kamsituvchi muomalalar qo‘llagan, qo‘l-oyog‘ini kaltaklagan, tan jarohati yetkazgan, qiynoqqa solgan, qonunga xilof ravishda ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxsning chap yelkasi, o‘ng soni, yon tomonida ko‘karishlar, o‘ng son qismida ham ko‘karishlar, qo‘lining shishishi aniqlangan. Ekspertiza jarohatlarni sog‘liq buzilishiga olib kelmagani uchun yengil deb topdi.

2023-yil 16-mart kuni Toshkent shahrida yashovchi Umid Raupovga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda 235-moddaning 1-qismi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo qo‘llash) bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.

Namangan viloyati IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i sud majlisida o‘z aybiga qisman iqror bo‘ldi. U Jinoyat kodeksining 235-moddasi 1-qismi bilan qo‘yilgan ayblovga rozi bo‘lgan, biroq Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismini ayblovdan chiqarib tashlashni so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u jinoyatni ochish bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarib, qo‘lga olingan shaxs kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini kimdan va qayerdan olganini aniqlashga harakat qilgan.

Jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i Umid Raupovga hech qanday da’vosi yo‘qligini aytib, keyin suddan uning jazosini yengillashtirishni so‘radi.

Sud Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish — BHMning 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bo‘yicha ayblov noto‘g‘ri malakalangan deb topdi va uni istisno qilish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Sud sudlanuvchining aybiga qisman iqrorligi, pushaymonligi va oilaviy ahvolini inobatga olib, jazoni yengillashtirdi hamda IIV xodimiga 3 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilish, 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan jazo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki muayyan huquqdan mahrum qilgan holda 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Probatsiya xizmati ruxsatisiz uning Toshkent shahridan tashqariga chiqishi, yashash joyi, ishi yoki o‘qishini o‘zgartirishi taqiqlanadi. U ijtimoiy foydali mehnat faoliyati bilan ham shug‘ullanishi mumkin.

Sudlanuvchiga 6 mln so‘m garov puli qaytarildi.