Silk Avia kompaniyasi Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 27-iyundan 2-iyulgacha chiptalarga 30% gacha chegirma e’lon qildi. Tashkilot matbuot xizmati xabariga ko‘ra, chegirmalar barcha yo‘nalishlar uchun amal qiladi.

Arzon tarifdagi chiptalar soni ko‘paytiriladi. Xususan, bayram kunlari Samarqandga 12 yevroga, Navoiyga 18 yevroga, Nukusga esa 36 yevroga uchish mumkin bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Chiptalarni aviatashuvchining rasmiy www.silk-avia.com sayti yoki O‘zbekiston aeroportlarida joylashgan kassalarda xarid qilish mumkin. Tariflar va xizmatlar haqida batafsil ma’lumotni www.silk-avia.com veb-saytidan olish yoki +99855 501−22−12 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib so‘rash mumkin.

Ma’lumot uchun, aviakompaniya uchta tarifga ega. Oddiy tarifiga faqat og‘irligi 5 kg bo‘lgan qo‘l yuki (sumka maxsus o‘lchamga sig‘ishi kerak — 40 sm x 30 sm x 20 sm) bo‘ladi va bagaj, to‘lovni qaytarish va chiptalarni qayta bron qilish kirmaydi.

Oson tarifi ham qaytarilmaydi, lekin qayta bron qilish va 10 kg gacha bagaj olish imkoniyati mavjud.

Omad tarifida 20 kg gacha yuk, qayta bron qilish va minimal jarimalar bilan chiptani qaytarish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways ham Qurbon hayiti munosabati bilan 28-iyundan 2-iyulgacha bo‘lgan barcha aviaqatnovlarga 50 foizlik chegirma e’lon qilgandi.