Qirg‘izistonda MDH davlatlarida qidiruvga berilgan shaxslarni tanib olish tizimi ishga tushirildi. Bu haqda 24.kg mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar bermoqda. Tizim 2-iyundan ishlay boshlagan, biroq IIV bu haqda endigina ma’lum qildi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki 10 kun ichida kuzatuv kameralari davlatlararo qidiruvda bo‘lgan 57 nafar shaxsni aniqlagan. Ular asosan Qirg‘iziston fuqarolari. Ular ma’lumotlar bazalari bo‘yicha tekshirilib, ro‘yxatga olingan.

Tekshiruvdan o‘tganlarning to‘rt nafari hibsga olingan. Ular orasida O‘zbekiston va Rossiya fuqarolari ham bor. “Ular odam o‘ldirishga suiqasd, ekstremistik jinoyatlar (Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga o‘tkazilgan), bezorilik, hujjatlarni qalbakilashtirish jinoyatlari uchun qidiruvga berilgan”, — deyiladi xabarda.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan 85 mingdan ortiq odam haqida faqat Rossiya huquq-tartibot idoralari ma’lumot bergan.

Avvalroq Qirg‘iziston matbuoti mamlakatda uch nafar rossiyalik siyosiy faol: Aleksey Rojkov, Lev Skoryakin va Alena Krilovaning qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Harbiy komissarlikka o‘t qo‘yishda ayblangan Rojkov 6-iyun kuni Rossiyaga deportatsiya qilingan.